Янгиликлар
Xodim qamalib qolsa u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Xodim qamalib qolsa u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Ko‘p holatlarda ish beruvchini qiynaydigan masalalardan biri shu hisoblanadi. Mazkur vaziyatda qamalish so‘ziga alohida e’tibor qaratish kerak. Aslida qonun tilida ozodlikdan mahrum qilish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i, ma’muriy qamloqqa olish kabi terminlar bilan qo‘llanadigan bu jumla. Xodimning mexnat shartnomasini bekor qilishda turlicha qo‘llanadi. Avvalo biz bunday vaziyatda
➖Ehtiyot chorasi ya’ni qamoqqa olish yoki uy qamog‘i
➖Jinoiy jazo ozodlikdan mahrum qilish
➖Ma’muriy jazo ya’ni ma’muriy qamoqqa olishni bir biridan farqlab olishimiz kerak.
Birma bir mazkur holatlarga to‘xtalib o‘tamiz
Xodim ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinsa, u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi. Chunki, aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksi 237-moddasiga ko‘ra, ehtiyot choralariga quyidagilar kiradi: munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat; shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; uy qamog‘i; qamoqqa olish; voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi. Bir shaxsga nisbatan bir vaqtning o‘zida ana shu choralardan faqat bittasi qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
JPK ning 243-moddasida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi belgilangan.
Qachon shaxsning aybi aniqlanib, sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan bo‘lsagina mehnat shartnomasi MK 168-moddasi 1-qismi 3-bandi bilan bekor qilinishi mumkin. Ya’ni aytaylik xodimga sud hukmi bilan jarima yoki ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi lekin xodim ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lgani yo‘q. Demak, bu holatda shartnomani bekor qila olmaymiz. Xodimga muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, xodim ishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa bu holatda shartnomani bekor qilsa bo‘ladi.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov