Янгиликлар
Oila a’zo kasal bo‘lganda unga qaragan xodimga " mehnatga layoqatsizlik nafaqasi " to‘lanadimi?
Oila a’zo kasal bo‘lganda unga qaragan xodimga " mehnatga layoqatsizlik nafaqasi " to‘lanadimi?
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2015 yil 20 martdagi 25-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaning 31-bandiga asosan Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun yetti kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
E’tibor berish kerak bu yerda Ambulatoriya sharoitida deyilmoqda. Ya’ni uyda 14 yoshdan katta kasal bemorni qaragan shaxsga 7 kunlik mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Va bu bo‘yicha pul to‘lanadi. Ushbu holatda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligi hamda mehnat ta’tilida ekanligidan qat’i nazar, bemorning oila a’zolari yoki qarindoshlaridan biriga beriladi.
Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshga yetmagan bemor bolani parvarishlash uchun uning onasiga o‘n to‘rt kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Ona bo‘lmagan yoki betob bo‘lganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligidan qat’i nazar, boshqa oila a’zolariga beriladi.
Oilada bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola kasallikka chalinsa, ularni ambulatoriya sharoitida parvarish qilish bo‘yicha bitta mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) beriladi.
Oilada ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola navbatma-navbat kasallikka chalinsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) ularning har biri bo‘yicha alohida beriladi.
Demak xodimning oila a’zosi kasal bo‘lganda va u ambulatoriya sharoitida davolanganda unga qaragan xodimga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov