Янгиликлар
Fuqarolik protsessual huquqining predmetini tushintirib bering?
Fuqarolik protsessual huquqining predmetini tushintirib bering?
Fuqarolik protsessual huquqining predmeti fuqarolik sud ishlarini yuritish sohasida vujudga keladigan fuqarolik protsessual munosabatlar tashkil etib, ushbu munosabatlar fuqarolik ishlari tufayli vujudga keladigan sud va protsessning boshqa ishtirokchilari, sud qarorlarini ijro etuvchi idoralar oʻrtasida yuzaga keladi. Fuqarolik protsessual huquqi mamlakatimiz huquq tizimining tarkibiy qismi sifatida huquqning aksariyat tarmoqlari bilan oʻzaro aloqador hisoblanadi. Ayniqsa, fuqarolik protsessual huquqi moddiy huquq bilan uzviy aloqada boʻlib, oʻz navbatida moddiy huquq normasida nazarda tutilgan majburiyatlar boshqa shaxslar tomonidan amalga oshirilmagan taqdirda huquqni sud orqali himoya qilishning, boshqacha qilib aytganda, fuqarolik, mehnat, oila, maʼmuriy va boshqa majburiyatlarni majburiy ravishda amalga oshirishning muhim shakli sifatida eʼtirof etiladi. Undan tashqari, sud yuzaga kelgan fuqarolik ishini moddiy huquq normasi asosida hal etadi. Biroq moddiy va protsessual huquq sohalari oʻzaro mustaqil va tartibga solish predmeti va uslubiga koʻra turlicha hisoblanadi. Masalan, muayyan munosabat, xususan mulkiy, shaxsiy nomulkiy, mehnat, oila va boshqa sohadagi ishtirokchilarning xatti-harakatlari moddiy-huquqiy sohani tartibga solishning predmeti hisoblanadi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 268-moddasida mehnat nizosini koʻrishni soʻrab sudga murojaat qilish huquqi, 269-moddasida bevosita tuman (shahar) sudlarida koʻrilishi lozim boʻlgan mehnat nizolari, 277-moddasida xodimlarni sud xarajatlaridan ozod qilish masalalari bayon etilgan. Shuningdek, Oila kodeksining 40-moddasida nikohdan sud tartibida ajratish, 44-moddasida nikohdan ajratish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan hal etiladigan masalalar, 45-moddasida sudning nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarishida davlat boji miqdorini belgilash, 62-moddasida otalikning sud tartibida belgilanishi masalalari bayon etilgan. Fuqarolik protsessual huquqining konstitutsiyaviy huquq bilan oʻzaro aloqadorligi quyidagi ikki jihatda koʻproq namoyon boʻladi: - har ikki huquq manbalarining umumiyligi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi konstitutsiyaviy huquqning asosiy manbai hisoblanadi. Shu oʻrinda Konstitutsiyada odil sudlovning eng muhim prinsiplari ham oʻz ifodasini topgan; - konstitutsiyaviy huquqning ayrim kichik tarmoqlar bilan oʻzaro bogʻliqligi. Bu yerda gap sudlarning tuzilishi va prokuror nazorati haqida bormoqda. Sudlarning tuzilishi bilan fuqarolik protsessual huquqining ayrim prinsiplari oʻrtasida umumiylik mavjud (xususan, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi, odil sudlovning faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi va hokazolar).
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi Nizomiddin Tursunov