Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha tushuncha bersangiz?


Yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha tushuncha bersangiz?

Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan ustuvor yoʻnalishlarni ijro etish maqsadida  2018-yil 22-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (keyingi oʻrinlarda FPK deb yuritiladi) qabul qilindi va 2018-yilning 1-aprelidan amalga kiritildi. Mazkur Kodeks besh boʻlim, 47-bob va 462-moddadan iborat. FPKning “Umumiy qoidalar” deb nomlangan birinchi boʻlimida quyidagi boblar mavjud: asosiy qoidalar, fuqarolik sud ishlarini yuritish prinsiplari, sud tarkibi, sudyani va protsessning boshqa ishtirokchilarini rad qilish, sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik, fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, sudda vakillik, dalillar, daʼvoni taʼminlash, ish yuritishni toʻxtatib turish, arizani koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud xarajatlari, protsessual majburlov choralari, protsessual muddatlar, sud xabarnomalari va chaqiruvlari, kelishuv bitimi. FPKning “Birinchi instansiya sudida ish yuritish” deb nomlangan ikkinchi boʻlimi sud ishlarini yuritishning barcha turlarida qoʻllaniladigan umumiy qoidalar va sud ishlarini yuritish turlari uchun tatbiq etiladigan maxsus normalar mustahkamlangan kichik boʻlimlardan iborat. 1-kichik boʻlimda buyruq tartibida ish yuritish, 2-kichik boʻlimda daʼvo ishni yuritish, 3-kichik boʻlimda alohida tartibda ish yuritish, 4-kichik boʻlimda esa hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni yuritishga doir normalar oʻz ifodasini topgan. FPKning “Fuqarolik protsessida chet el fuqarolari va tashkilotlarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning ishtiroki” deb nomlangan 3-boʻlimida umumiy qoidalar, chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etishga oid masalalar oʻrin olgan. Muqaddam amalda boʻlgan FPKdan farqli ravishda mazkur boʻlimda chet el fuqarolari va tashkilotlarining fuqarolik protsessual huquqlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning fuqarolik protsessual huquqlari, chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirok etayotgan nizolar, shuningdek loaqal bittasi chet elda yashab turgan taraflar oʻrtasidagi nizolar boʻyicha fuqarolik ishlari Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining sudloviga tegishli boʻlishi, chet davlatlarga nisbatan daʼvolar, chet davlat sudlarining sudga doir topshiriqlarini ijro etish va Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlariga topshiriqlar bilan murojaat qilishi bilan bogʻliq normalar belgilab qoʻyildi. FPKning “Sud hujjatlarini qayta koʻrish” deb nomlangan toʻrtinchi boʻlimida umumiy qoidalar, apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritish, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish, nazorat instansiyasi sudida ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish masalalariga oid normalar belgilangan. FPKning beshinchi boʻlimi “Sud hujjatlarining ijrosi” deb nomlanib, ushbu boʻlimda sud hujjatlarining ijrosiga bagʻishlangan qator moddalar oʻrin olgan. Ayrim toifadagi fuqarolik ishlarini sudda koʻrish tartibini belgilovchi protsessual normalar oʻz ifodasini topgan bir qator Kodekslar ham fuqarolik protsessual huquqining manbasi hisoblanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Mehnat kodeksi, Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, Soliq kodeksi shular jumlasidandir. Masalan, Fuqarolik kodeksi fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish shakllarini (10-modda), fuqaroni sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topish (30-modda), fuqaroning muomala layoqatini cheklash (31-modda), fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish (33-modda), fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish (36-modda) asoslarini nazarda tutadi.  


Bekobod shaxar Adliya boʻlimi

YUXKM boshligʻi                                                    Nizomiddin Tursunov