Янгиликлар
Ishga qabul qilish chogʻidagi dastlabki sinov nimalardan iborat?
Ishga qabul qilish chogʻidagi dastlabki sinov nimalardan iborat?
Mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov bilan tuzilishi mumkin: xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;
mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish.
Dastlabki sinovdan oʻtish mehnat shartnomasida shartlashilgan boʻlishi kerak. Bunday shartlashuv mavjud boʻlmagan taqdirda, xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi.
Quyidagilar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi:
homilador ayol, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslar;
davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran uch oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;
tegishli taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;
oʻzi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;
ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;
jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.
Dastlabki sinov faqat xodimni ishga qabul qilish chogʻida belgilanishi mumkin. Xodim boshqa ishga oʻtkazilayotganda va boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilganda dastlabki sinov belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bekobod shaxar Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti Dildora Djurayeva