Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

OTM(oliy ta’lim muassasa)lardagi pedagoglar bilan muddatli shartnoma tuzish amaliyoti borasida ekspert fikri


OTM(oliy ta’lim muassasa)lardagi pedagoglar bilan muddatli shartnoma tuzish amaliyoti borasida ekspert fikri

 

MK 111-moddasiga ko‘ra agar muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan bo‘lsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir.

Ya’ni kodeksning 112-113-moddalarida keltirilgan xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi ro‘yxat qat’iy chegaralangan. Agar xodim bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi 112-113-moddalar talablarini hisobga olmagan holda tuzilgan bo‘lsa, bunday holda ShARTNOMANING MUDDATI HAQIDAGI ShARTLARI HAQIQIY EMAS DEB TOPILADI, XODIM ESA IShGA NOMUAYYaN MUDDATGA BIRINChI ISh KUNIDAN BOShLAB QABUL QILINGAN HISOBLANADI.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 15-bandida shunday deyilgan "mehnat shartnomasining muddati tugaganligi (MKning 158-moddasi) sababli bekor qilinishining qonuniyligi to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rishda sudlar quyidagi holatlarga e’tiborini qaratmog‘i lozim: muddatli mehnat shartnomasi xodim bilan asosli holda tuzilganmi, ya’ni mehnat shartnomasi tuzishda MKning 111, 112, 113-moddalari talablari hisobga olinganmi...".

Garchi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi 967-son “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandida, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalana oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan professor-o‘qituvchilarni tanlash maqsadida oliy ta’lim muassasasi hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida bir yillik muddatli shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish masalasi qo‘yilgan bo‘lsada, bu amaldagi Mehnat kodeksiga ziddir. Buni quyidagicha asoslaymiz.

Kodeksning 112, 113-moddalari oxirgi qismlarida muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq o‘zga hollarda ham tuzilishi mumkinligi belgilangan.

 

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi 2-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlardir. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari qonun hisoblanmaydi.

 

Demak, muddatli mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lgan boshqa holatlar qonunda nazarda tutilishi shart ekan.

 

Masalan, quyidagi qonunlarda muddatli mehnat shartnomalari tuzish belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonun 94-moddasiga ko‘ra, deputatning yordamchisi deputatning vakolatlari davriga tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlaydi. Muddatli mehnat shartnomasi deputatning yordamchisi va siyosiy partiyaning tegishli rahbari o‘rtasida tuziladi.

 

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun 61-moddasiga ko‘ra, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish uchun kamida ikki haftalik, lekin olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga, ayrim hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda, o‘n bir oygacha muddatga muddatli mehnat shartnomalari tuziladi.

 

Lekin na “Ta’lim to‘g‘risida”gi, na “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi va na ta’limga oid  birorta qonunda pedagog xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzish nazarda tutilmagan.

 

Biroq yuqoridagi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lishiga qaramasdan, OTMlar pedogog xodimlar bilan g‘ayriqonuniy ravishda muddatli mehnat shartnomasi tuzib kelmoqda

 

 

Quyi Chirchiq tumani Adliya bo‘limi

YuXKM bosh yuristkonsulti                               U.Fayzullaev