Янгиликлар
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi kompensatsiya qilib beriladi
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi kompensatsiya qilib beriladi
Joriy yilning 2 aprel kuni “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reestriga (Reestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
-elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
-tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Shuningdek ushbu qaror bilan ayrim toifadagi oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Jumladan, qarorga ko‘ra, 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida: Reestrlarga kiritilgan oilalarga; “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida, birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar; a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar; nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar; uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar; o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar; nogironligi bo‘lgan shaxslar; 3 va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Yangiyo‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova