Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq Jinoyatlar qanday tasniflanishi haqida bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq Jinoyatlar qanday tasniflanishi haqida bilasizmi?
Jinoyatlarni tasniflash – jinoyatga qarshi kurashda tizimli yondashuv
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 15-moddasida jinoyatlar ularning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra to‘rt toifaga bo‘linadi. Bu tasnif jinoyatga nisbatan yondashuvda aniqlik, adolat va muvofiqlikni ta’minlaydi. Har bir jinoyat uchun qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy choralar uning og‘irlik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Birinchi toifa — ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar. Bunday jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar ham ushbu toifaga mansub hisoblanadi.
Ikkinchi toifa — uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar. Ular qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘rsatilgan jinoyatlardir. Shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar ham shu toifaga kiradi.
Uchinchi toifa — og‘ir jinoyatlar. Bular qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan jinoyatlardir. Ular odatda shaxsga, jamiyatga yoki davlatga qarshi ancha xavfli qilmishlar bo‘lib, ularning jazosi ham nisbatan og‘ir bo‘ladi.
To‘rtinchi toifa — o‘ta og‘ir jinoyatlar. Bunday jinoyatlar qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan jinoyatlardir. Bu toifadagi jinoyatlar jamiyat uchun eng katta xavf tug‘diradi va ularga nisbatan eng og‘ir jazo choralarini qo‘llash ko‘zda tutiladi.
Xulosa:
Jinoyatlarni tasniflash orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatning og‘irlik darajasiga qarab, unga nisbatan mos yondashuvni tanlaydilar. Bu esa adolatli jazolash, jinoyatchilikni kamaytirish va jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Yangiyoʻl shahar adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti U.Bo‘riyev