Янгиликлар
Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi: 108-modda mazmuni
Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi: 108-modda mazmuni
Har qanday mehnat munosabatlari aniq yuridik asosga ega bo‘lishi kerak. Bu asos — mehnat shartnomasidir. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 108-moddasi ushbu shartnomaning kuchga kirishi va xodimning ishga kirish sanasini belgilaydi. Ushbu norma mehnat munosabatlarining rasmiy ravishda qachondan boshlab boshlanishini aniq ko‘rsatib beradi va har ikki tomonning – ish beruvchi va xodimning – huquqiy javobgarligini belgilaydi.
108-modda mazmuni
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 108-moddasida quyidagilar belgilangan:
Mehnat shartnomasi tomonlar uni imzolagan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mehnat shartnomasida boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xodim ishga shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab kirishishi lozim.
Bu degani, agar mehnat shartnomasida ish boshlash sanasi aniq belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, xodim hujjat imzolangan kundan e’tiboran ishga tushishi kerak. Agar esa shartnomada aniq sana ko‘rsatilgan bo‘lsa, xodim aynan o‘sha kundan boshlab ishlay boshlaydi.
Ish boshlanish sanasining ahamiyati
Ishning boshlanish sanasi bir necha jihatdan muhim:
- Ish staji hisob-kitobi aynan shu sanadan boshlanadi;
- Ish haqining hisoblanishi shu kundan boshlab amalga oshiriladi;
- Mehnat huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan ta’til olish, ijtimoiy sug‘urta, mehnat daftarchasiga yozuv kiritish kabi huquqlar ish boshlanish sanasidan kuchga kiradi.
Amaliyotdagi muhim jihatlar
- Imzolangan, ammo ishga chiqilmagan holatlar: agar xodim mehnat shartnomasini imzolagan bo‘lsa-yu, ko‘rsatilgan kunda ishga chiqmasa va bu holat asosli sababga ega bo‘lmasa, ish beruvchi ushbu shartnomani bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.
- Orqaga surilgan ish boshlash sanasi: ba’zida ish boshlanish muddati shartnomada kelishilgan holda keyinga surilishi mumkin. Bunday hollarda huquqiy ziddiyatlar yuzaga kelmasligi uchun sanalar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
- Shartnomani kuchga kirgizmasdan ishlash: ayrim holatlarda xodim shartnoma tuzilmasdan ishlay boshlaydi. Bu esa norasmiy bandlik hisoblanib, qonun buzilishi bo‘ladi. Faqat shartnoma kuchga kirgachgina mehnat huquqlari qonunan himoyalanadi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
Bosh yuriskonsult: A.Kazimbayev