Янгиликлар
Ishga qabul qilishni asossiz rad etishning oqibatlari: Mehnat kodeksining 120-moddasi asosida
Ishga qabul qilishni asossiz rad etishning oqibatlari: Mehnat kodeksining 120-moddasi asosida
Har bir fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksi asosida erkin mehnat qilish, kasb tanlash va ishga joylashish huquqiga ega. Shu huquqni amalda ta’minlash uchun davlat mehnat munosabatlarida xolislik va adolatni talab qiladi. Aynan shuning uchun Mehnat kodeksining 120-moddasi ishga qabul qilishdan asossiz yoki qonunga xilof ravishda rad etish holatlariga huquqiy baho beradi va ularning oqibatlarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 120-moddasiga ko‘ra:
Agar ish beruvchi shaxsni qonunga xilof ravishda ishga qabul qilishdan rad etsa, bu holat jabrlanuvchining huquqlarini buzgan hisoblanadi. Bunday holda fuqaroga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Qonunga xilof rad etish deganda nimani tushunamiz?
Quyidagi holatlar ishga qabul qilishni qonunga xilof rad etishga misol bo‘ladi:
· Diskriminatsiya asosidagi rad etish: millat, jins, yoshi, nogironligi, diniy e’tiqodi, siyosiy qarashlari yoki boshqa xususiyatlarga ko‘ra ish berishdan bosh tortish;
- Bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lsa-da, arizachining huquqiy talablariga javob beruvchi shaxsni asossiz rad etish;
- Tegishli mutaxassislikka ega bo‘lgan shaxsni faqat shaxsiy sabablarga ko‘ra ishga qabul qilmaslik;
- Rasmiy tanlov (konkurs) yoki suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxsni sabab ko‘rsatmasdan rad etish.
Agar fuqaro ishga qabul qilishdan asossiz rad etilganini isbotlay olsa, u quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
- Moddiy zarar uchun kompensatsiya
– Ish bermaslik oqibatida ololmagan ish haqi, bonus yoki boshqa moliyaviy yo‘qotishlar sud tartibida undiriladi. - Ma’naviy zarar uchun tovon
– Asossiz rad etish shaxsning sha’niga, qadr-qimmatiga va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, ma’naviy zarar ham undirilishi mumkin. - Sud orqali ishga tiklash
– Ba’zi holatlarda sud ishga qabul qilish to‘g‘risida majburiy qaror chiqarishi mumkin (ayniqsa, davlat tashkilotlarida).
Amaliy misol
Agar bir ayol nomzod homiladorligi sababli ishga qabul qilinmasa, bu — qonunga xilof rad etish hisoblanadi. Yoki nogironligi bor shaxs malakasi va hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan, faqat nogironligi sababli ishga olinmasa — bu ham noqonuniy hisoblanadi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
Bosh yuriskonsult: A.Kazimbayev