Янгиликлар
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini xalqaro va milliy darajada himoya qilish
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini xalqaro va milliy darajada himoya qilish
Xalqaro nogironlar kuni Bosh Assambleyaning 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli rezolyusiyasiga binoan har yili 3 dekabr kuni butun dunyoda nishonlanadi. Ushbu kunni xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlashdan maqsad – butun dunyoda jamoatchilik diqqatini nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan muammolarga qaratish orqali ularning muammolarini hal qilish hamda huquqlarini himoya qilishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro me’yorlar inson huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishda, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda muhim ko‘rsatma bo‘lib hisoblanadi. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar barcha huquq va erkinlikka ega bo‘lishi zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. Mazkur norma nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham bevosita taalluqlidir. Shunday ekan, bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatning boshqa a’zolari singari huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar muammosining dolzarbligini nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdan ajratilishi, ularning passivligi va funksional qaramligi, nogiron insonlarga nisbatan jamiyatning munosabati, nogiron kishilarning huquqlarini ta’minlash muammolari mavjudligi kabi omillar ham tasdiqlaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyoda 1 millarddan ortiq inson, dunyo aholisining taxminan 15 foizga yaqinida nogironlikning qandaydir shakli bor. Nogironlar soni ko‘paymoqda. Bu qisman demografik holatlarning yomonlashishi va sog‘liq buzilishlarining surunkali oshishi bilan bog‘liq.
Shu munosabat bilan nogironlar uchun jamiyatning turli xil ijtimoiy tizimlari, masalan, xizmatlar ko‘rsatish, ish, axborot va transportdan foydalanishdagi teng imkoniyatlarni ta’minlash orqali to‘siqlarni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.
O`rta Chirchiq tumani
Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev