Янгиликлар
ODAM SAVDOSI-GLOBAL MUAMMO
ODAM SAVDOSI-GLOBAL MUAMMO
Dunyo xalqlarining jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash barchaning e’tiborida qolmoqda.
Jinoyatchilikning bu mudhish turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega bo‘lgan hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, "Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya (1949 yil), "Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya (1956 yil), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konvensiyani to‘ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida"gi bayonnoma (2000 yil) shu toifadagi halqaro huquqiy hujjatlar xisoblanadi.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga oid milliy qonunchiligimizda ham o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatni tartibga solish maqsadida 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, XMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining 6 ta Konvensiya hamda protokollari ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli amaliyot, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, qizlar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi judayam achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
Mana shunday iflos, jirkanch jinoyat bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda, buni ommaviy axborot vositalari ko‘rib, eshitib turibmiz. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr ko‘rgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.
Huquq ustuvor bo‘lgan davlatimizda inson huquqlarini, qonunlar himoyasini amalga oshiruvchi organlar borki, bu kabi illatlarni fosh etishda kechayu-kunduz tinmay ishlashmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish halqaro darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro huquqiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan holda amalga oshirilsa o‘z samarasini beradi.
O`rta Chirchiq tumani
Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev