Янгиликлар
MAS’ULIYATI CHeKLANGAN JAMIYAT ISHTIROKCHI (MUASSIS)LARNING FUQAROLIK-HUQUQIY HOLATI
MAS’ULIYATI CHeKLANGAN JAMIYAT ISHTIROKCHI (MUASSIS)LARNING
FUQAROLIK-HUQUQIY HOLATI
Mamlakatimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng bozor munosabatlariga asoslanuvchi yangi jamiyat barpo etishni butun jahonga e’lon qildi. Respublikamizda iqtisodiyotni, ijtimoiy hayotni bozor tamoyillariga tomon rivojlantirishga asoslangan islohotlar strategiyasi ishlab chiqildi va taraqqiyot yo‘lining bosh maqsadi – fuqarolar uchun farovon, munosib turmush sharoitlaridan iborat deb belgilandi. Shu bilan birga fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik-huquqiy davlat qurish asosiy maqsad sifatida tanlandi. Bu boradagi eng muhim va ustivor yo‘nalish sifatida fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish e’tirof etildi. Aynan shu maqsadlarga erishish yo‘lida mamlakatimizda bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Ta’kidlash lozimki, fuqarolik huquqiy sub’yektlari tizimida yuridik shaxslar alohida o‘rin tutadi. Binobarin, yuridik shaxslarning huquqiy maqomini belgilash, ular ishtirokidagi munosabatlarni tartibga solishda yuridik shaxslarning vujudga kelish va bekor bo‘lish masalalari muhimdir. Aytish mumkinki, bozor munosabatlari sharoitida yuridik shaxslarning vujudga kelish usullari bilan birga, ularning bekor bo‘lish usullari ham tubdan o‘zgardi. Bu holat birinchi navbatda iqtisodiyotda davlatga tegishli yuridik shaxslar bilan birga nodavlat yuridik shaxslarining faoliyat yurita boshlaganlari bilan belgilasa, ikkinchi navbatda talab va taklif, raqobat, shartnomalar erkinligi hamda sub’yektlarga erkinlik va tashabbuskorlikning berilishi bilan izohlanadi.
Fuqarolik huquqi sub’yektlari orasida tashkil etilish holati faqat yuridik shaxslarga tegishli masala hisoblanadi. Shu sababli ham yuridik adabiyotlarda yuridik shaxslarni “sun’iy sub’yekt” sifatida e’tirof etish haqida fikrlar mavjud. Shu bois har qanday yuridik shaxs o‘z-o‘zidan vujudga kelmasdan shaxslarning xohish irodasi natijasida tashkil etiladi. Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) ham amaldagi qonunchilikka ko‘ra bir yoki bir necha shaxslar tomonidan tashkil etiladigan tashkilot hisoblanadi. MCHJni ta’sis etgan shaxs yoki shaxslar ayni paytda uning ishtirokchilariga aylanadilar.
Normativ-huquqiy hujjatlarda “ishtirokchi”, “muassis” terminlari mavjud.
Tadbirkorlik sub’yektlari tizimida MCHJ ishtirokchilarining o‘rnini aniqlash maqsadida “ishtirokchi” va “muassis” tushunchalariga ta’rif berib, ularning mezonlarini aniqlash lozim bo‘ladi.
Tabiiy ravishda savol tug‘iladi, “ishtirokchi”, “muassis” so‘zlarini bir ma’noli sinonim so‘zlar sifatida tushunish mumkinmi?
Qonun hujjatlarida “ta’sischi”, “muassis” atamalarining izohi hamda ular o‘rtasidagi farqli jihatlar berilmaydi. Ko‘p xollarda “ta’sischi” atamasi huquq normalarida qo‘llanilmayapti. Yuridik shaxsni tashkil etayotgan shaxs huquq normalarida “muassis” atamasi bilan qo‘llanilmokda. Bu holat esa o‘z-o‘zidan kundalik hayotda ishlatilayotgan “ta’sischi” va “muassis” atamalarining bir xil ma’noga egaligini anglatadi. Jamiyat ishtirokchilarini uning ta’sischilaridan farqlash kerak. Ishtirokchilar deganda, jamiyat ustav fondini tashkil etishda o‘zining vositalari (ko‘p xollarda mablag‘lari) bilan ishtirok etadigan yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi. Bunda ular yuridik shaxs sifatida jamiyatning kelgusida mavjud bo‘lishining moddiy asosi bo‘ladigan alohida mulkni shakllantiradilar. Bundan kelib chikadiki, ta’sischilar bu jamiyatni ta’sis etish tashabbusi bilan chiqadigan shaxslar bo‘lsa, ishtirokchilar uning moddiy bazasini shakllantirish uchun o‘z mulklarini kiritgan shaxslar hisoblanadi. Shunday qilib, bir shaxs bir vaqtning o‘zida jamiyatning ta’sischisi va ishtirokchisi bo‘lishi mumkin .
O`rta Chirchiq tumani Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev