Янгиликлар
AHOLI PUNKTLARIDA ATROF MUHITNI HUQUQIY MUHOFAZA QILISH MASALALARI
AHOLI PUNKTLARIDA ATROF MUHITNI HUQUQIY MUHOFAZA QILISH
MASALALARI
Dunyoda aholi punktlarida atrof-muhitni muhofaza qilish, urbanizatsiya sharoitida ekologik inqirozlarning oldini olish hamda barqaror rivojlanishga o‘tishning ahamiyati izchil oshayotgan hozirgi sharoitda aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalasi muhim rol o‘ynaydi. Ushbu sohaga yetarlicha e’tibor qaratilmasligi natijasida so‘nggi yillarda urbanizatsiya darajasining pasayish tendensiyasi kuzatilib, shahar aholi punktlari soni atigi 1065 dan 1071 gacha ko‘paygan.
Aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash faoliyati tahlili aholi punktlarida qurilish faoliyatini ekologizatsiyalash, aholi punkti hududlarini zonalashtirish, aholi punktlarida atrof-muhitni muhofaza qilishning tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini talab etadi.
Respublikamizda odamlarning ekologik xavfsiz va qulay muhitda yashashini ta’minlash maqsadida keng qamrovli dasturiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, kichik shaharlar va shaharchalarni jadal rivojlantirish; qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish[1]; muqobil energiya manbalarini joriy qiluvchi, ishlab chiqarishning ekologik toza uslublarini yo‘lga qo‘yadigan sub’yektlarni rag‘batlantirish; “yashil hududlar”ni tashkil etish; energiya tejovchi texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanish; hududlarni obodonlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, Shaharsozlik kodeksini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat sifatida yangi tahrirda ishlab chiqish, urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, qurilish qoidalari va me’yorlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, shahar va qishloqlarida aholining hayot sharoitini yaxshilash[2]; tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilash, “yo‘ldosh shaharlar” tizimini joriy etish, aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash, qurilishda zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanish choralarini ko‘rish[3] bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa, aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan, shaharsozlik va qurilish sohasini ekologizatsiya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 11-maqsad sifatida “Shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash” nazarda tutilgan hamda uni amalga oshirish bilan bog‘liq 7 ta vazifa belgilab berilgan. Xususan, bu boradagi vazifalar sifatida 2030 yilgacha xavfsiz, arzon, qulay va ekologik barqaror transport vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, barchaga ochiq bo‘lgan va ekologik barqaror urbanizatsiya ko‘lamini hamda aholi yashash punktlarini kompleks va barqaror rejalashtirish hamda ularni boshqarish imkoniyatlarini kengaytirish, madaniy va tabiiy meros ob’yektlarini muhofaza qilish hamda saqlash bo‘yicha xatti-harakatlarni jonlashtirish, shaharlar ekologiyasining aholiga salbiy ta’sirini kamaytirish, bunda havoning sifatiga hamda shahar chiqindilari va boshqa chiqindilarning chiqarib tashlanishiga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, shaharlar va aholi yashash punktlarida yashil hududlar, istirohat bog‘lari maydonini kengaytirish kabilar nazarda tutilgan. shahar va qishloq aholi punktlari atrof-muhitini muhofaza qilish bir necha sohalarda amalga oshiriladi, ularning ustuvorligi va mazmuni uning hududidagi atrof-muhitning holati, iqtisodiy vaziyat, shuningdek, muayyan aholi punktidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining va fuqarolarning ekologik-huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liq.
O`rta Chirchiq tumani Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev