Янгиликлар
BOLALAR MEHNATINI HUQUQIY HIMOYA QILISH BORASIDA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI: HUQUQIY ISLOHOTLAR VA ULARNING MAZMUNI
BOLALAR MEHNATINI HUQUQIY HIMOYA QILISH BORASIDA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI: HUQUQIY ISLOHOTLAR VA ULARNING MAZMUNI
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda voyaga yetmaganlarni huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularga ijtimoiy hayotning barcha sohalarida munosib shart-sharoitlarni yaratishga maqsadida yetarli darajadagi normativ-huquqiy massiv yaratilgan bo‘lib, ushbu huquqiy hujjatlarni qabul qilishda, eng avvalo, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga, eng rivojlangan davlatlarning tajribasi, uzoq yillik milliy qadriyatlarimizga to‘liq rioya qilinganligi alohida e’tiborga loyiq.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 12 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi Konvensiyani hamda Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori, “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxati” (29.07. 2009 y.) va “O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risidagi nizom” ana shunday huquqiy hujjatlar jumlasidandir.
“Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 32-moddasida shunday qayd etilgan: “Bolalar rivojlanish, ma’lumot olish, sog‘liklari uchun xavfli bo‘lgan ishlarda ishtirok etishdan, iqtisodiy ta’qib qilishdan himoyalanish huquqlariga egalar”. O‘zbekiston ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlati sifatida bugungi kunda unda belgilangan vazifalarni bajarib kelmoqda.
Bolalar mehnat qilish huquqi, ularning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatlarning mazmuni, ularni qabul qilish zaruriyati, ayniqsa, Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyati diqqatga sazovordir. XMTning norma ijodkorligi faoliyatidagi yana bir muhim masala bu turli toifadagi mehnatkashlarning (yoshlar, ayollar, turli kasblardagi mehnatkashlar) mehnat huquqlarini maqsadli tartibga solish jarayonidir.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2008 yilda ratifikatsiya qilingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida”gi (1976 yil 26 iyun, Jeneva) 138-sonli Konvensiyasi iqtisodiyotning barcha sektorlarida ham haq to‘lanadigan, ham haq to‘lanmaydigan bolalar mehnati tartibga solinadi. Ushbu Konvensiya ishga qabul qilish uchun eng kam yoshning eng kompleks va qat’iy tushunchasini belgilanishini o‘zida ifodalaydi, muammoga, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan izchil va moslashuvchan yondashuvni namoyon qiladi.
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlarni mehnatini tartibga solishga qaratilgan choratadbirlarni amalga oshirish jarayonida bolalar mehnatidan foydalanishning huquqiy vositalarini takomillashtirish, voyaga yetmaganlar uchun tegishli mehnat shart-sharoitlarini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha kafolatlar joriy etish, bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlariga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O`rta Chirchiq tumani Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev