Янгиликлар
Yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirishda oila, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari
Yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirishda oila, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari
Jamiyatda aholi huquqiy madaniyati darajasining yuksakligi – demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridan bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquqiy ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Zotan, mamlakatimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan aholining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liqdir. Shaxsning siyosiy-huquqiy faolligi, uning chinakam fuqaroviy munosabati, demokratik islohotlarga nisbatan daxldorlik xissi davlatimiz o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlarga erishishining muhim omilidir.
Ta’kidlash joizki, shaxs huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirish jarayonida turli xil sub’yektlar, xususan, oila, maktab, mahalla, jamoatchilik tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari faol ishtirok etadilar.
Bugungi kunda barkamol avlodni tarbiyalashda uch asosiy omil: “oila – mahalla – ta’lim muassasalari” hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh avlod tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan insonlar, ya’ni oilada – ota-onalar, mahallada – qo‘ni-qo‘shni va keng jamoatchilik, ta’lim muassasasida – o‘qituvchi va murabbiylar kelgusi avlod barkamolligi yo‘lida o‘g‘il-qizlarimizning ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lishlari uchun mas’uldirlar.
Ta’lim muassasalarida yoshlarning qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ularning umumiy madaniyatini, huquqiy ongini yuksaltirish borasida bir qator kamchiliklar borki, ularni hal etmasdan turib bu borada muayyan ijobiy natijalarga erishib bo‘lmaydi. Xususan, o‘quvchilarda mehnatni va mehnat ko‘nikmalarini hurmat qilish hissini singdirish, qonunchilik asoslarini tushuntirishga qaratilgan aniq, chora-tadbirlarning yo‘qligi; fanlarni o‘zlashtira olmagan va intizomni buzgan o‘quvchilarni sinfda qoldirilmasligi, ayrim maktab rahbarlarining shu yo‘l bilan “o‘quv ko‘rsatkichlarini” yaxshilashga intilishi, bolalarning nazoratdan chetda qolishi kabi kamchiliklarni hal etish bu boradagi faoliyatning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda jamiyat huquqiy madaniyatini, shu jumladan, oilada yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish va bu borada tizimli tarbiya ishlarini olib borish – butun jamoatchilikning dolzarb vazifasi sanaladi. Bolaga munosabatda ota-onaning ham, muallimning ham, mahalla ahlining ham o‘z Vataniga bo‘lgan munosabati aks etadi. Eskidan “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona” – deya bejiz aytilmagan. O‘g‘il yoki qiz bola voyaga yetar ekan, uning tabiati, avvalo o‘zi yashayotgan joyda, yon atrofdagilarning ta’sirida shakllanib boradi. Shu sababli, mahalla, jamoatchilik, maktab va huquqni muhofaza qilish idoralari kelajak avlod tarbiyasi bilan bog‘liq ishlarni bahamjihat olib borishgandagina barkamol yoshlarni voyaga yetkazish mumkin.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida oilada huquqiy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va shu orqali oila huquqiy madaniyatining yuksalishiga erishish, ushbu jarayonda ta’lim muassasalari, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish boshqacha aytganda, tom ma’nodagi huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish talab etilmoqda.
O`rta Chirchiq tumani Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Ochilboyev