Янгиликлар
Savol: Mualliflik huquqining amal qilish muddati qancha?
Savol: Mualliflik huquqining amal qilish muddati qancha?
O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq: mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.
Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.
Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.
Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.
Qibray tuman adliya bo‘limi
YXKM boshlig‘i Avlaqulov Sobir