Янгиликлар
Mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar
Mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar
Mehnat shartnomasi quyidagi asoslar bo‘yicha bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqi ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanadi:
xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi;
xodim ish beruvchi bilan birga ishlash uchun boshqa joyga ko‘chishni rad etganligi;
xodim sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holati bo‘yicha o‘ziga qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan boshqa ishga o‘tishni rad etganligi yoki ish beruvchida tegishli ish mavjud emasligi;
texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish o‘zgarishi sababli tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmi qisqarganligi;
tashkilotning (uning alohida bo‘linmasining) o‘z ta’sischilari (ishtirokchilari) qaroriga ko‘ra tugatilganligi yoxud ta’sis hujjatlari bilan shunga vakolatli bo‘lgan yuridik shaxs organining qaroriga ko‘ra tugatilganligi;
bajarayotgan ishiga malakasi yetarli emasligi oqibatida noloyiq ekanligi;
shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning ishga tiklanganligi;
sudning tashkilotni tugatish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirganligi.
Yuqorida nazarda tutilgan kafolatlar mulkdor o‘zgarganligi sababli tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterga nisbatan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi bo‘lmaganda esa — bosh buxgalter vazifalarini bajaruvchi xodimga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Agar birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin o‘ttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, ular mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma bo‘yicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladi.
Yuqorida birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan xodimlarga uch oylik davr tugagach maqbul keladigan ish topib berilmagan taqdirda, ular ishsiz shaxslar deb e’tirof etiladi.
Birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin o‘ttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbi bo‘yicha qayta o‘qitilayotgan yoki malakasini oshirayotgan xodimlarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Tashkilotlardan ishdan bo‘shatilgan hamda mahalliy mehnat organining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan shaxslarni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir xarajatlarni kompensatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ish beruvchiga har bir xodim uchun olti oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravarigacha miqdorda subsidiya ajratilishi mumkin.
Xodimning kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasini ish beruvchi o‘quv kursi yakunlanganidan keyin besh ish kuni ichida mahalliy mehnat organiga taqdim etmagan hollarda, mahalliy mehnat organi xodimni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va uning malakasini oshirishga doir xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun ajratilgan hamda ish beruvchi tashkilotga to‘lab berilgan subsidiyalarni qaytarish choralarini ko‘radi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida yoki o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra kasb kasalligiga uchrash natijasida ishdan mahrum bo‘lgan hamda ishga joylashishga va kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar bo‘shatilgan xodimlarga tenglashtiriladi.
Texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish o‘zgarishi sababli tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmi qisqarganligi yoxud tashkilot tugatilganligi munosabati bilan bo‘shatilgan, ishsiz deb e’tirof etilgan, qonunchilikka muvofiq pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan umumiy mehnat stajiga ega bo‘lgan shaxslarga muddatidan oldin (qonunchilikda belgilangan umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil avval) pensiyaga chiqish huquqi beriladi.
Angren shahar yuridik markazi
bosh yuristkonsulti: S.Siradjiddinova