Янгиликлар
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi
Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
2) yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, bundan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish hollari mustasno;
3) yuridik shaxs tugatilganda;
5) xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qo‘yishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa;
6) yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;
7) yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda;
8) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
9) qonunchilikda belgilangan muddatlarda yer solig‘i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda;
10) qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;
Yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi belgilangan tartibda quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) yer uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazilganda;
2) jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;
3) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara etilganda;
4) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;
5) ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv yer uchastkasiga qaratilganda.
Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ko‘rsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga ko‘ra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda ko‘rsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish yo‘li bilan bekor qilishga haqli emas, bundan ushbu moddada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlardan voz kechishidan yaqqol dalolat beruvchi xatti-harakatlar (chet elga jo‘nab ketganlik, yer uchastkasidan belgilanganidan ko‘proq muddat davomida foydalanmaslik) sodir etgan taqdirda, bu yer uchastkasi qonunchilik bilan belgilangan tartibda egasiz mol-mulk tariqasida hisobga olinadi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlardan voz kechish mazkur yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori majburiyatlarining, yer uchastkasi boshqa shaxsga berilgunga qadar, biroq voz kechilgan paytdan yoki egasiz mol-mulk tariqasida davlat ro‘yxatiga olingan kundan e’tiboran uzog‘i bilan bir yil mobaynida, bekor qilinishiga sabab bo‘lmaydi.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Bo’limi Yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshyurist konsulti Maxamatov Nematjon Narimon o’g’li