Янгиликлар
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish chog‘idagi umumiy talablar va ularni himoya qilish kafolatlari
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish chog‘idagi umumiy talablar va ularni himoya qilish kafolatlari
Ish beruvchi va uning vakillari shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida (shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bitta harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirganda):
xodimning ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlarining hajmi va mazmunini belgilashda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalariga amal qilishi;
xodimning shaxsga doir barcha ma’lumotlarini xodimning o‘zidan olishi shart. Agar xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini faqat uchinchi shaxslardan olish mumkin bo‘lsa, xodimga bu haqda oldindan yozma ravishda xabar qilinishi va undan yozma rozilik olinishi kerak, bundan shaxsga doir ma’lumotlarni (tibbiy ko‘rik natijalari, malaka oshirish doirasida malakaviy va boshqa baholashlar natijalari bo‘yicha xulosa va boshqalar) xodim mazkur ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq qaysi uchinchi shaxslarga yuborilgan bo‘lsa, o‘sha uchinchi shaxslardan olish hollari mustasno;
shaxsga doir ma’lumotlarni olishning maqsadlari, taxmin qilinayotgan manbalari va usullari, shuningdek olinishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning xususiyati hamda xodimning ularni olish uchun yozma rozilik berishni rad etishi oqibatlari to‘g‘risida xodimga xabar qilishi;
xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishdan yoki yo‘qolishdan ish beruvchining shaxsiy mablag‘lari hisobidan himoya qilishni ta’minlashi;
xodimlarni va ularning vakillarini ish beruvchida mavjud bo‘lgan, xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydigan, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
xodimlarning vakillari bilan birgalikda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqishi shart.
Agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va uning vakillari xodimning jamoat birlashmalaridagi a’zoligi yoki kasaba uyushmasidagi faoliyati to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarini olish hamda ularga ishlov berish huquqiga ega emas.
Ish beruvchining vakillari tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish faqat xodimning mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchining xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirayotgan vakillari o‘zlariga ishonib topshirilgan yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Toshkent Viloyati Olmaliq Shahar Adliya Bo’limi Yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshyurist konsulti Maxamatov Nematjon Narimon o’g’li