Янгиликлар
Da’vo arizasida nimalar ko‘rsatilishi kerak?
Da’vo arizasida nimalar ko‘rsatilishi kerak?
Da’vo arizasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar
Da’vo arizasida quyidagi ma’lumotlar albatta bo‘lishi kerak:
— murojaat qilinayotgan sud nomi;
— da’vogar (jismoniy shaxs bo‘lsa) — familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash manzili; agar da’vogar yuridik shaxs bo‘lsa — uning to‘liq nomi, yuridik manzili va rekvizitlari, shuningdek ariza vakil orqali yuborilsa, vakilning to‘liq ism-sharifi va manzili;
— javobgar (jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs) haqidagi tegishli ma’lumotlar — ism-sharifi, yashash joyi yoki tashkilot nomi va manzili;
— da’vogar tomonidan ilgari surilayotgan talabning mazmuni;
— da’vo bahosi (agar bu zarur bo‘lsa);
— da’vo talabiga asos bo‘layotgan faktlar va ularni tasdiqlovchi dalillar;
— agar qonun yoki shartnomada belgilangan bo‘lsa, nizoni sudgacha hal etishga urinishlar haqida ma’lumot;
— arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Da’vo arizasiga ilova qilinadigan tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilar bo‘lishi mumkin:
— talab asosini tashkil etuvchi holatlarni tasdiqlovchi materiallar;
— nizoni sudgacha tartibda hal qilishga urinish mavjud bo‘lsa, uni tasdiqlovchi dalillar;
— belgilangan tartibda va miqdorda to‘langan davlat boji va pochta xarajatlari haqidagi kvitansiyalar;
— agar ariza vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa, uning vakolatini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
Ariza topshirish turlari:
Arizalar buyruq tartibidagi ishlar, alohida tartibda yuritiladigan ishlar yoki ma’muriy ishlar yuzasidan taqdim etilishi mumkin.
Shikoyatlar esa, odatda sud hujjatlaridan norozi taraflar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati shaklida beriladi.
Sudga murojaat etish usullari:
Murojaatni sud devonxonasi orqali, sudya yoki rahbariyatning shaxsiy qabuli davomida, pochta xizmati orqali yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-sayti orqali yuborish mumkin.
Bo‘stonliq tumani adliya bo‘limi
YXKM bosh yuristkonsulti A.A.Abdug‘affarov