Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Jamoa shartnomasining tuzilishi va mazmuni haqida bilasizmi?


Jamoa shartnomasining tuzilishi va mazmuni haqida bilasizmi?

Mehnat kodeksining 65-moddasiga asosan jamoa shartnomasi tashkilotda yoki yakka tartibdagi tadbirkorda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hamda xodimlar tomonidan o‘z vakillari orqali va ish beruvchi tomonidan tuziladigan mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatdir.

Jamoa shartnomasi umuman tashkilotda, uning alohida bo‘linmalarida tuzilishi mumkin.

Tashkilotning alohida bo‘linmasida jamoaviy muzokaralar o‘tkazish, ish beruvchi nomidan jamoa shartnomasini imzolash uchun ish beruvchi ushbu alohida bo‘linma rahbariga yoki boshqa shaxsga Mehnat kodeksining 46-moddasiga muvofiq zarur vakolatlar beradi.

Tashkilotning alohida bo‘linmasida jamoaviy muzokaralarni o‘tkazish, jamoa shartnomasini imzolash chog‘ida xodimlar manfaatlarini ifoda etish huquqi ushbu bo‘linma xodimlarining vakillariga beriladi.

Jamoa shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi to‘g‘risidagi qaror va uni tuzish masalasi bo‘yicha jamoaviy muzokaralar boshlash to‘g‘risidagi taklif istalgan tarafdan berilishi mumkin.

Jamoa shartnomasining mazmunini va tuzilishini uning taraflari belgilaydi.

Jamoa shartnomasiga ish beruvchining va xodimlarning quyidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlari kiritilishi mumkin:

mehnatga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo‘shimcha to‘lovlar;

narxlarning o‘zgarishidan, inflatsiya darajasidan, jamoa shartnomasida belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda mehnatga haq to‘lashni tartibga solish mexanizmi;

xodimlarning bandligi, ularni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ularni ishdan bo‘shatish shartlari;

ish vaqti va dam olish vaqtining, ta’tillarning davomiyligi;

xodimlarning, shu jumladan ayollarning, nogironligi bo‘lgan shaxslarning va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnat sharoitlari hamda mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash;

tashkilotni, idoraga qarashli uy-joyni xususiylashtirish chog‘ida xodimlarning manfaatlarini hisobga olish;

ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borayotgan xodimlar uchun imtiyozlar;

ixtiyoriy tibbiy va ijtimoiy sug‘urta;

ish beruvchi tomonidan xodimlarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qo‘shimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari;

jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat qilish, taraflarning javobgarligi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatishi uchun normal sharoitlar bilan ta’minlash.

Tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensatsiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmog‘i uchun haq to‘lash, oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish uchun ssudalar to‘lash va haq to‘lash, boshqa qo‘shimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar) ham bo‘lishi mumkin.

Agar qonunchilikda qoidalar jamoa shartnomasida albatta mustahkamlab qo‘yilishi shartligi to‘g‘risidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, ushbu qoidalar jamoa shartnomasiga kiritiladi.

Jamoa shartnomasi, agar mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) hozir bo‘lganlarning ellik foizidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, ma’qullangan hisoblanadi. Agar jamoa shartnomasining loyihasi ma’qullanmasa, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya uni umumiy yig‘ilishning (konferensiyaning) takliflari va mulohazalariga muvofiq maromiga yetkazadi hamda o‘n besh kun ichida umumiy yig‘ilishda (konferensiyada) ko‘rib chiqish uchun takroran taqdim etadi.

Taraflar jamoa shartnomasi loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida hal qila olmagan ixtiloflarni hal etish bo‘yicha nizolar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Jamoa shartnomasi mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) ma’qullanganidan keyin taraflarning vakillari uch kun ichida jamoa shartnomasini imzolaydi.

Jamoa shartnomasi imzolangan kundan e’tiboran yoki jamoa shartnomasida belgilangan kundan e’tiboran kuchga kiradi va shartnomada nazarda tutilgan muddat ichida, biroq ko‘pi bilan uch yil amal qiladi. Mazkur muddat tugagach, jamoa shartnomasi taraflar yangi shartnoma tuzguniga yoki amaldagi jamoa shartnomasini o‘zgartirguniga, to‘ldirguniga qadar amal qiladi. Taraflar jamoa shartnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar uni uzaytirishi mumkin.

Jamoa shartnomasining amal qilishi ish beruvchiga va tashkilotning barcha xodimlariga, yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan, tashkilotning alohida bo‘linmasida tuzilgan jamoa shartnomasining amal qilishi esa tegishli bo‘linmaning barcha xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Jamoa shartnomasining amal qilishi jamoa shartnomasi kuchga kirganidan keyin ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

 

Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

Sh.Abdurahmonov