Янгиликлар
Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari qanday belgilanadi?
Savol:
Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari qanday belgilanadi?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 410-moddasida Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra: Agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning kamchiliklari ushbu moddada belgilangan muddatlarda aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Tovarning kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan hollarda, kamchiliklar bilan bog‘liq talablar sotib oluvchi tomonidan, agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa, kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab ikki yil davomida aniqlangandagina qo‘yilishi mumkin. Tashib berilishi yoki aloqa tashkiloti orqali jo‘natilishi lozim bo‘lgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddati tovar belgilangan joyda olingan kundan boshlab hisoblanadi.
Agar tovarga kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, tovarning kamchiliklari kafolat muddatida aniqlanganida sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumga nisbatan kamroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, sotib oluvchi asosiy buyumning kafolat muddatida butlovchi buyumning kamchiliklarini aniqlasa, bu kamchiliklar to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.
Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumning kafolat muddatiga nisbatan uzoqroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, butlovchi buyumda kafolat muddatida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, asosiy buyumning kafolat muddati o‘tgan-o‘tmaganligidan qat’i nazar, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.
Yaroqlilik muddati belgilangan tovarga nisbatan, agar kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddatida aniqlangan bo‘lsa, sotib oluvchi uning kamchiliklari to‘g‘risida talablar qo‘yishi mumkin.
Tovarning kamchiliklari sotib oluvchi tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati tugaganidan so‘ng aniqlangan hollarda, sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lganligini yoki bu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo bo‘lganligini isbot qilib bersa, sotuvchi kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.
Chirchiq shahah adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev