Янгиликлар
Alimentni sud tartibida undirish yoki ixtiyoriy to‘lash tartibini tushuntirib bering?
Savol:
Alimentni sud tartibida undirish yoki ixtiyoriy to‘lash tartibini tushuntirib bering?
Javob:
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘lanadi.
Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan aliment arizaga muvofiq ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi.
Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.
Alimentning ixtiyoriy ravishda to‘lab turilishi aliment undiruvchini aliment undirish haqidagi da’vo yoki ariza bilan xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo‘lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi.
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
Chirchiq shahah adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti R.Aqnazarov