Янгиликлар
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi
Xodimlarga va ularning oila a’zolariga (boquvchisini yo‘qotgan taqdirda) pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza oxirgi ish joyidagi korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati orqali beriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari), boshqa kooperativlarning a’zolariga va ularning oila a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza kooperativ boshqaruvi orqali beriladi.
Ma’muriyat (boshqaruv) ariza kelib tushgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida staj va ish haqi to‘g‘risidagi zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi hamda ularni berilgan ariza va o‘z taqdimnomasi bilan birga arizachining tanloviga ko‘ra uning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga yuboradi. Basharti, pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan xodimga pensiya tayinlashga tavsiya etish rad qilinsa, unga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma xabar qilinadi.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan shaxs ma’muriyatning (boshqaruvning) pensiya tayinlashga tavsiya etishni rad etgan qaroriga rozi bo‘lmagan hollarda, u pensiya tayinlanishini so‘rab bevosita O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza berishi mumkin.
Dehqon xo‘jaliklari a’zolariga, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga, boshqa fuqarolarga va ularning oila a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza bevosita arizachining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga beriladi.
Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza bevosita manzil-koloniya joylashgan erdagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga beriladi..
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari pensiyalar tayinlash masalalari yuzasidan tushuntirish va ma’lumotlar berishlari, shuningdek arizachiga zarur hujjatlarni olishida ko‘maklashishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari korxonalar, tashkilotlar va ayrim shaxslardan tegishli hujjatlarni talab qilish, zarur hollarda esa, ularning berilishi asosliligini tekshirish huquqiga egadirlar.
Korxonalar va tashkilotlar pensiya uchun (pensiya qayta hisoblanishi uchun) hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki ishonchsiz ma’lumotlari bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish oqibatida pensionerga yetkazilgan zarar uchun uning oldida qonunchilikda belgilanganidek javobgar bo‘ladilar.
Korxona yoki pensioner tomonidan ma’lumotlari ishonchsiz hujjatlar taqdim etilganligi oqibatida davlatga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga qoplanadi.
Nurafshon shahar YXKM
boshyuriskonsulti Sh.O.Qo‘ziyev