Янгиликлар
Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik
Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi qonunga muvofiq tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bog‘liq bo‘lgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkining xavfsizligini ta’min eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qo‘llanilishi oqibatida iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qat’i nazar, har qanday iste’molchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar u normativ hujjatlarda nazarda tutilgan tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati mobaynida, bunday muddat belgilanmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, xizmat qabul qilingan) paytdan e’tiboran o‘n yil mobaynida yuzaga kelgan bo‘lsa, qoplanishi lozim.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) zarar bartaraf qilib bo‘lmaydigan kuch yoki foydalanish, saqlash yoxud tashishning belgilangan qoidalari iste’molchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilganligini isbotlasa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Tovarda (ishda, xizmatda) nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) o‘tkazgan iste’molchiga yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekshirish (testdan o‘tkazish, ekspertiza qilish) bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq qoplashi kerak.
Nurafshon shahar YXKM
boshyuriskonsulti Sh.O.Qo‘ziyev