Янгиликлар
Yangi qabul qilingan xodimga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi qanday to‘lanadi?
Yangi qabul qilingan xodimga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi qanday to‘lanadi?
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik (homiladorlik va tug‘ishdan tashqari) nafaqasi miqdori nafaqa tayinlangan kundagi umumiy ish stajiga qarab belgilanadi. Buning uchun xodimning mehnat daftarchasi (yoki elektron mehnat daftarchasi) yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa rasmiy hujjatlar asos qilinadi. Korxonada qancha vaqt ishlaganligi ahamiyatga ega emas.
1. Umumiy ish stajiga qarab to‘lanadigan nafaqa miqdori:
- 8 yilgacha staji bo‘lgan xodimlarga – o‘rtacha oylik ish haqining 60% miqdorida;
- 8 yil va undan ortiq staji bo‘lgan xodimlarga – 80% miqdorida;
- 21 yoshga yetmagan chin (sag‘ir) yetimlarga – 80% miqdorida.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qarori 1-ilova, 22-band.
2. Quyidagi toifadagi shaxslarga nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining 100% miqdorida to‘lanadi:
- Baynalminal jangchilarga;
- 16 yoshgacha (o‘quvchilar uchun 18 yoshgacha) bo‘lgan uch va undan ortiq bolasi bor ota-onalarga;
- Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga;
- Chernobil AES avariyasi natijasida zararlangan hududdan evakuatsiya qilingan, radiatsiya ta’sirida kasallikka chalingan shaxslarga;
- Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi tufayli vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz bo‘lganlarga;
- Pandemiya, texnogen, tabiiy va ekologik favqulodda vaziyatlar yuzasidan karantinga joylashtirilgan va 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan ota-onalarga (shu jumladan vasiy va homiylarga).
Ohangaron shahar YXKM bosh yuriskonsulti O.Raxmonov