Янгиликлар
IDORAVIY NOTARIAL ARXIVLAR TOMONIDAN ARXIV HUJJATLARINI BERISH BO‘YICHA DAVLAT XIZMATI KO‘RSATISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?
IDORAVIY NOTARIAL ARXIVLAR TOMONIDAN ARXIV HUJJATLARINI BERISH BO‘YICHA DAVLAT XIZMATI KO‘RSATISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?
Bugungi kunda, aholining ijtimoiy muhofaza qilish va fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Xususan, idoraviy notarial arxivlar tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevral kunidagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish va notarial organlar sohasida hamda rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi
134-son Qarori bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan.
Xususan, jmazkur qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq jismoniy shaxslarga notarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikati, notarial harakatlarni ro‘yxatga olish reyestr kitobidan ko‘chirma, arxiv hujjatlaridan nusxalar, mol-mulkka nisbatan taqiq mavjud emasligi haqida ma’lumotnomalar va arxiv ma’lumotlarini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibini belgilangan.
Ushbu hizmat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchi davlat xizmati olish uchun Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali elektron tarzda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat etadi.
So‘rovnomaga pasport nusxasi; ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda — ishonchnoma nusxasi; marhum nomidan amalga oshirilgan notarial harakatlar haqida arxiv hujjatlari olinayotganda — marhumning o‘limi haqida guvohnoma va ariza beruvchining marhumga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar; ariza beruvchi vasiyatnomaga asosan merosxo‘r bo‘lganda — vasiyatnoma va marhumning o‘limi haqida guvohnoma nusxalari, ariza beruvchi qonuniy vakil bo‘lsa — uni tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
So‘rovnomada ishonchsiz ma’lumotlar ko‘rsatilganligi, shuningdek tegishli hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi.
So‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
So‘rovnoma tushgandan so‘ng vakolatli organ tomonidan quyidagi muddatlar mobaynida arxiv hujjatini berish yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi:
a) notarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikati — so‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng 5 ish kuni mobaynida;
b) notarial harakatlarni ro‘yxatga olish reyestr kitobidan ko‘chirma-so‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng 2 ish kuni mobaynida;
v) arxiv hujjatlaridan nusxalar, shuningdek mol-mulkka nisbatan taqiq (xatlov) mavjud emasligi haqida ma’lumotnomalar — so‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng 2 ish kuni mobaynida;
g) arxiv ma’lumotnomalari — so‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida.
Vakolatli organ arxiv hujjatini berish haqida qaror qabul qilingan taqdirda 10 daqiqa mobaynida Davlat xizmatlari markaziga arxiv hujjatlarini berish uchun to‘lanadigan to‘lov summasini ko‘rsatgan holda elektron tarzda xabarnoma va arxiv hujjatlarini yuboradi.
Arxiv hujjatlarini berish uchun quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:
notarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikatini berish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida;
notarial harakatlarni ro‘yxatga olish reyestr kitobidan ko‘chirma berish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida;
arxiv hujjatlaridan nusxalar berish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida;
arxiv ma’lumotnomalari berish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi miqdorida.
Gerbli (maxsus) blankalarda notarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikatlari berilganda qonunchilik hujjatlariga muvofiq gerb yig‘imi undiriladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi;
Arxiv hujjatlari notarial arxivda mavjud bo‘lmasa, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ariza beruvchi tomonidan to‘lov amalga oshirilmasa, davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolar tomonidan o‘zlari yashab turgan tuman(shahar) davlat xizmatlari markaziga murojaat etishlari yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tishlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
Qibray tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi hisoblash texnikasi operatori Arabov Eldor Hasan o‘g‘li