Янгиликлар
SUDLANGANLIK HAQIDA MA’LUMOTNOMA BERISH BO‘YICHA DAVLAT XIZMATI KO‘RSATISH QANAQA TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI???
SUDLANGANLIK HAQIDA MA’LUMOTNOMA BERISH BO‘YICHA DAVLAT XIZMATI KO‘RSATISH QANAQA TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI???
Bugungi kunda, aholining ijtimoiy muhofaza qilish va fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Xususan, sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabr kunidagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 612-son Qarori bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan.
Xususan, mazkur qarorning 5-ilovasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami mavjud bo‘lgan chet el fuqarolari Davlat xizmatlari markazlari orqali muqaddam sudlanganligi, jinoiy javobgarlikka tortilganligi, reabilitatsiya qilinmaydigan asoslarga ko‘ra javobgarlikdan ozod etilganligi holatiga oid ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatadi.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi yoki uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, eri yoki xotini va bolalari) o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda so‘rovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bor fuqarolarga belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Vakolatli organ so‘rovnoma tushgan vaqtdan boshlab 2 ish kuni mobaynida, QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Davlat xizmatlari markaziga elektron ravishda yuboradi.
Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan ma’lumotnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida yig‘im to‘lamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolar tomonidan o‘zlari yashab turgan tuman(shahar) davlat xizmatlari markaziga murojaat etishlari yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tishlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
Qibray tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi servis memenjeri Avalboyeva Soxiba Balqirahmon qizi