Янгиликлар
Nogironligi boʻlgan shaxslar qanday lavozimlarda ishlashlari mumkin?
Nogironligi boʻlgan shaxslar qanday lavozimlarda ishlashlari mumkin?
Javob: VM ning 31.08.2022 yildagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 486-son qarori.
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tavsiya etilgan ishchi kasblar va xizmat lavozimlarining namunaviy roʻyxati (klassifikatori). Ushbu roʻyxatda 70 ta mehnat turi boʻyicha 700 ga yaqin kasb va mutaxassisliklar aks ettirilgan, ular orasida elektr va avtotelejka haydovchisi, Prezident Xalq qabulxonasi inspektori, shifokor-mutaxassis, ekspert, tovarshunos va hokazo bor;
Nogironligi boʻlgan shaxslarning faoliyat yuritishi uchun ish oʻrinlari va kasblarni moslashtirish boʻyicha tavsiyalar. Ushbu hujjatda nogironligi boʻlgan shaxslarning ish joylarini attestasiyadan oʻtkazish, ish joylaridagi jihozlar va mehnat qurollari boʻyicha tavsiyalar, sanitariya-maishiy va maxsus xonalarni tashkil etish va jihozlash boʻyicha tavsiyalar aks ettirilgan. Misol uchun, bino ichida nogironligi boʻlgan shaxslar foydalanadigan eshiklarni ochish-yopish moslamalari, gorizontal tutqichlar, dastaklar, joʻmraklar, uskunalarni ishga soluvchi tugmalar va boshqa jihozlar balandligi 1,1 metrdan oshmagan boʻlishi lozim. Shuningdek, liftlar, xollar, tamburlari va hojatxona kabinalarida “tashvish” qoʻngʻiroq tugmasi va dispetcher (navbatchi) bilan gaplashish tuzilmasini oʻrnatish tavsiya etiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan kasblar va lavozimlar roʻyxati hamda mehnat sharoitlari boʻyicha Tavsiyalar. Misol uchun, meningit, araxnoidit, meningoensefalit G03, ensefalit yoki ensefalomelit G05 kasalligi oqibatida nogironlik orttirgan shaxslar toʻqima mebellar toʻquvchi, texnik-gidrolog, tibbiy roʻyxatdan oʻtkazuvchi, liftchi sifatida ishlashlari mumkin. Bunda ularga engil jismoniy zoʻriqish, asab-ruhiy zoʻriqish engil yoki oʻrtacha, yukning bir marotaba koʻtarish ogʻirligi 5 kg gacha (erkaklar uchun), 3 kg gacha (ayollar uchun) boʻlgan sharoitlarda ishlash tavsiya etiladi.
Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga ish soʻrab murojaat qilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning ish bilan bandligiga koʻmaklashish uchun yoʻllanmalar berishda tavsiya etilgan kasb va lavozimlarni inobatga olishlari lozim.
Bekobod shahar Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti
Dildara Djurayeva