Янгиликлар
Transport xodimlari mehnatini huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Transport xodimlari mehnatini huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Transport sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning mehnatini huquqiy tartibda tartibga solish umumiy mehnat qonunchiligidan farq qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 500-moddasiga muvofiq, transport vositalarini boshqarish yoki ularning harakatini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxatga kiritilgan boshqa xodimlar transport xodimlari hisoblanadi.
Ushbu toifadagi shaxslar o‘z kasbiy faoliyatini bajarishda yuqori mas’uliyatga ega bo‘lganliklari bois, ularni ishga qabul qilishda umumiy mehnat talablariga qo‘shimcha ravishda alohida kasbiy malaka talab etiladi. Mehnat kodeksining 500-moddasida aynan shu jihat belgilab qo‘yilgan: transport xodimlari faqat tegishli kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va buni guvohnoma, sertifikat yoki diplom bilan tasdiqlagan taqdirdagina ishga qabul qilinadi.
Bu yondashuv avvalo inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, transport xavfsizligini ta’minlash va soha professionalizmini oshirishga xizmat qiladi. Zero, haydovchi, mashinist, dispecher yoki dispetcherlik vazifasini bajaruvchi shaxslar nafaqat o‘z hayotlari, balki minglab fuqarolarning kundalik xavfsizligi uchun bevosita javobgardirlar.
Mehnat kodeksining ushbu moddasida keltirilgan tartib transport sohasida ishlovchi xodimlar faoliyatini huquqiy jihatdan aniq belgilab beradi, ularni sifatli mehnat sharoiti bilan ta’minlashda asosiy vositalardan biri sifatida xizmat qiladi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Kazimbayev Abdulaziz