Янгиликлар
Xodimning moddiy javobgarligini istisno etuvchi holatlar haqida bilasizmi?
Xodimning moddiy javobgarligini istisno etuvchi holatlar haqida bilasizmi?
Mehnat munosabatlarida har bir xodim o‘zining kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmog‘i, ishonib topshirilgan mulkka ehtiyotkorlik bilan yondashmog‘i lozim. Shu bilan birga, qonunchilik xodimning moddiy javobgarligini har doim ham mutlaq deb belgilamaydi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 338-moddasi aynan xodimning moddiy javobgarligi istisno qilinadigan hollarni belgilab bergan.
Ushbu modda asosida, xodimning moddiy javobgarligi quyidagi holatlarda istisno qilinadi: birinchidan, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) — bu tabiiy ofatlar, favqulodda hodisalar yoki ijtimoiy silkinishlar kabi nazorat qilib bo‘lmaydigan omillar hisoblanadi. Bu holatda xodimdan mulkiy zarar uchun javobgarlik talab etilmaydi.
Ikkinchidan, oqlangan xo‘jalik tavakkalchiligi — bu holatda xodim o‘z xizmat vazifalarini bajarishda professionallik, ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan yondashgan, boshqa yo‘l bilan maqsadga erishish imkoniyati bo‘lmagan bo‘lsa va zarar faqat moddiy boyliklarga taalluqli bo‘lsa, u holda xodimning harakatlari oqlangan deb topiladi.
Uchinchidan, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa — bu holatlarda xodim o‘z harakati bilan zarar yetkazgan bo‘lsa ham, u jamiyatga, hayot va sog‘liqqa tahdidni bartaraf etish uchun majbur bo‘lgan. Shu sababdan, uning harakati qonuniy deb baholanadi va moddiy javobgarlik yuklatilmaydi.
Shuningdek, ish beruvchining mas’uliyatsizligi tufayli yuzaga kelgan zararlar ham xodim zimmasiga yuklanmaydi. Masalan, ish beruvchi xodimga ishonib topshirilgan mol-mulkni saqlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmagan bo‘lsa, bu holatda xodim javobgar bo‘lmaydi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yuqorida keltirilgan norma mehnat huquqi tizimida adolatli va asosli yondashuvni ta’minlaydi. U xodimlarni noqonuniy jazolashdan himoya qiladi va mehnat muhitida mas’uliyatli, lekin shaffof tartibda mas’uliyat belgilashga xizmat qiladi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Kazimbayev Abdulaziz