Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari haqida bilasizmi?


Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 355-moddasi xodimning mehnatni muhofaza qilish borasidagi huquq va majburiyatlarini aniq belgilab beradi. Bu norma xodimlar salomatligini asrash, xavfsiz mehnat muhitini yaratish va ish beruvchining burchlarini muvozanatda ta’minlashga xizmat qiladi.

Avvalo, xodim xavfsiz va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga mos ish joyiga ega bo‘lish huquqiga egadir. U ish beruvchidan ish sharoitlari, kasbiy xavf-xatarlar, tegishli imtiyoz va kompensatsiyalar, hamda himoya vositalari haqida to‘liq axborot talab qilish huquqiga ega. Bu bilan xodim o‘zining kasbiy faoliyatidagi salomatlikka tahdid soluvchi omillarni oldindan bilib, ehtiyot chorasini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, xodim ish beruvchining mablag‘lari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanadi va mehnat xavfsizligi bo‘yicha o‘qitilishi shart. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari holatlarida majburiy ijtimoiy sug‘urtalanishi ham xodimning qonuniy huquqlaridan biridir. Agar mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilinmasa, xodim hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgan taqdirda, bu xavf bartaraf etilmaguncha ishni bajarishni rad etishga haqlidir.

Bundan tashqari, xodim mehnatni muhofaza qilishni tekshiruvdan o‘tkazishni so‘rash, baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligini tergov qilishda shaxsan yoki vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ham egadir. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishda o‘z lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanishi ham muhim ijtimoiy kafolatdir.

Modda xodimga nafaqat huquqlarni, balki majburiyatlarni ham yuklaydi. Xususan, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, tibbiy ko‘riklardan o‘tish va favqulodda holatlarda ish beruvchini ogohlantirish — bu har bir xodim zimmasidagi huquqiy majburiyatlardir.

Yuqoridagi norma asosida xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat muhofazasi masalalarida barqarorlik, qonuniylik va xavfsizlik tamoyillari mustahkamlanadi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Kazimbayev Abdulaziz