Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari haqida xabardormisiz?


Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari haqida xabardormisiz?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 359-moddasida ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari batafsil bayon etilgan bo‘lib, bu normalar xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, ishlab chiqarish jarayonida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida belgilangan.

Ish beruvchi mehnat xavfsizligiga oid barcha qonun hujjatlari, normalar, qoidalar va yo‘riqnomalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga, xodimlardan bu normalarga amal qilishni talab qilishga haqlidir. Zarur hollarda xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ayniqsa, alkogol yoki narkotik modda ta’sirida bo‘lish ehtimoli mavjud bo‘lsa, ish beruvchining asosiy huquqlaridan biridir. Shu bilan birga, ish beruvchi o‘z ishchilarini mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya qilganliklari uchun rag‘batlantirish, buzganliklari uchun esa intizomiy javobgarlikka tortish huquqiga ham egadir.

Majburiyatlariga kelsak, eng avvalo, ish beruvchi har bir ish joyini mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq holatga keltirishi lozim. Ish joyidagi zararli yoki xavfli omillarni aniqlab, ularning oldini olish choralarini ko‘rishi, xodimlarni mehnat sharoitlari va ularga beriladigan kompensatsiyalar haqida to‘liq xabardor qilishi kerak. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil qilish, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari, tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash ham ish beruvchining zimmasidagi majburiyatlardandir.

Ish beruvchi xodimlarning malakasini oshirish, yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bilimlarini muntazam tekshirishni ta’minlashi lozim. Shuningdek, ishga qabul qilishdan oldin va faoliyat davomida xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish, baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirish, ro‘yxatga olish va hisobot yuritish ham uning majburiyatlariga kiradi.

Bu majburiyatlar xodimlar salomatligini asrash, ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf va xatarlarni kamaytirish, mehnat muhitining xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur modda orqali davlat ish beruvchining xodimlar oldidagi ijtimoiy va huquqiy javobgarligini mustahkamlaydi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Kazimbayev Abdulaziz