Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Majburiy tibbiy ko‘riklar – mehnat xavfsizligining kafolati


Majburiy tibbiy ko‘riklar – mehnat xavfsizligining kafolati

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 360-moddasi mehnat munosabatlarida tibbiy ko‘riklarning majburiyligini belgilaydi. Bu norma xodimlarning sog‘lig‘i va mehnat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ish beruvchi ayrim toifalardagi xodimlar uchun dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklarni tashkil etishi shart.

Mazkur ko‘riklar quyidagi shaxslar uchun majburiy hisoblanadi: 18 yoshga to‘lmaganlar, pensiya yoshiga yetganlar, nogironligi bo‘lganlar, noqulay mehnat sharoitlarida yoki tungi smenalarda ishlovchilar, transport bilan bog‘liq ishlarda band bo‘lganlar, aholiga xizmat ko‘rsatish va oziq-ovqat sohalarida faoliyat yurituvchilar, ta’lim va tarbiya bilan shug‘ullanuvchi pedagoglar va boshqa xodimlar.

Mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlar va boshqa alohida holatlar uchun tibbiy ko‘riklar o‘tkazish tartibi va ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. Bu ko‘riklar bevosita tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Agar ish joyida bunday muassasa mavjud bo‘lmasa, mahalliy tibbiyot muassasalari ko‘rikni o‘tkazadi.

Muhimi, xodimlar bu ko‘riklar uchun hech qanday xarajat qilmaydi. Ular tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlay olmaydi. Ish beruvchi esa ko‘rikdan o‘tmagan yoki shifokorlar tavsiyalariga amal qilmagan shaxslarni ishlatishga haqli emas – ularni vaqtincha ishdan chetlashtirishi shart.

Xodim o‘z sog‘lig‘ining yomonlashuvi mehnat sharoitlari bilan bog‘liq deb hisoblagan taqdirda, navbatdan tashqari tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilish huquqiga egadir. Eng muhimi, tibbiy ko‘rik davrida xodimning ish joyi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Bu xodimga iqtisodiy jihatdan zarar yetmasligini ta’minlaydi.

Shu tariqa, mazkur modda xodimlarning mehnat huquqlari va sog‘lig‘i himoyasini kafolatlaydi. Ish beruvchining bu boradagi majburiyatlari qat’iy belgilangan bo‘lib, mehnat muhofazasining asosiy qismini tashkil etadi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon