Янгиликлар
Mehnat qonunchiligiga muvofiq qanday hollarda ish beruvchi xodimlarni sut, profilaktika oziq-ovqati va himoya vositalari bilan ta’minlash tartibi mavjudligi haqida bilasizmi?
Mehnat qonunchiligiga muvofiq qanday hollarda ish beruvchi xodimlarni sut, profilaktika oziq-ovqati va himoya vositalari bilan ta’minlash tartibi mavjudligi haqida bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 363-moddasi mehnat muhofazasi bo‘yicha muhim normalardan biri bo‘lib, ishchilarning sog‘lig‘ini saqlash va kasbiy xavflarni kamaytirish bo‘yicha aniq majburiyatlarni belgilaydi. Ushbu modda mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Xususan, bunday ish joylarida ishlovchilarga ish beruvchi tomonidan quyidagilar bepul taqdim etilishi lozim: sut yoki unga tenglashtirilgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, davolash-profilaktika oziq-ovqatlari, issiq sexlarda ishlovchilar uchun esa gazlangan sho‘r suv. Ushbu mahsulotlar xodimlarning organizmiga zararli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini kamaytirish uchun xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ishchilarga maxsus kiyim-bosh, sanitar kiyim-bosh, maxsus poyabzal, shaxsiy himoya vositalari (niqob, qo‘lqop, ko‘zoynak va hokazo) va shaxsiy gigiyena vositalari berilishi shart. Bu vositalar mehnat xavfsizligini ta’minlash, baxtsiz hodisalar va sog‘liqka yetadigan zararlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Qaysi ish turlari uchun qanday himoya vositalari va oziq-ovqatlar berilishi kerakligi qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida aniqlanadi. Bular jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi va kasaba uyushmasi o‘rtasidagi kelishuv asosida mustahkamlanadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, ushbu vositalarni xodimlarga topshirish, saqlash, tozalash, yuvish, dezinfeksiya qilish, zararsizlantirish va ta’mirlash bo‘yicha barcha xarajatlar ish beruvchi zimmasiga yuklanadi. Bu esa xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalasida ish beruvchining javobgarligini yanada kuchaytiradi.
Ushbu huquqiy tartib xodimlar uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitini yaratish, ularni himoyalash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Davlat mehnat inspeksiyasi va kasaba uyushmalari bu majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish huquqiga ega.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon