Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq yoki xavfsiz ishga o‘tkazish tartibi haqida bilasizmi?


Xodimni sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengilroq yoki xavfsiz ishga o‘tkazish tartibi haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 364-moddasi xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va ularning salomatligiga ehtiyotkorlik bilan yondashish bo‘yicha ish beruvchining majburiyatlarini aniq belgilab beradi. Ushbu modda, ayniqsa, sog‘ligi tufayli o‘z mehnat vazifalarini avvalgidek bajara olmaydigan xodimlar uchun muhim kafolatlarni o‘z ichiga oladi.

Moddaga ko‘ra, agar xodimning sog‘ligi holati yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillaridan xoli bo‘lgan ishni talab etsa, ish beruvchi xodimning roziligi va tibbiy xulosaga asosan uni boshqa ishga o‘tkazishi shart. Bu o‘zgarish vaqtinchalik yoki muddatsiz bo‘lishi mumkin.

Agar yangi ish kamroq haq to‘lanadigan bo‘lsa, xodim avvalgi o‘rtacha ish haqini kamida ikki hafta davomida saqlab qoladi. Ayniqsa, sil kasalligi yoki kasb kasalligi tufayli o‘tkazilgan holatlarda, ikki oygacha bo‘lgan muddatda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi. Bu nafaqa yangi ishda beriladigan ish haqidan oshib ketmaydi va xodimning haqiqiy olgan maoshi miqdorida belgilanadi.

Agar ish beruvchi vaqtincha boshqa ishni topib berolmasa, xodimning ishga chiqmay o‘tkazgan kunlari uchun nafaqa umumiy asoslarda to‘lanadi. Mehnatda mayib bo‘lgan yoki sog‘lig‘i boshqa sabablarga ko‘ra shikastlangan xodimlarga esa, yangi ish haqi bilan avvalgi ish haqi o‘rtasidagi farqni ish beruvchi to‘lashi lozim. Bu to‘lov mehnat qobiliyati tiklanguniga yoki nogironlik belgilanguniga qadar davom etadi.

Qonunchilikda bunday vaziyatlarda xodim manfaatlarini himoya qiluvchi qo‘shimcha kafolatlar ham nazarda tutilgan. Bu norma xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, salomatlik va xavfsizlikni mehnat muhitida ustuvor masalaga aylantirishga xizmat qiladi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon