Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning huquqiy asoslari haqida bilasizmi?


Xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning huquqiy asoslari haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 367-moddasi xodimlarning kasbiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan asosiy tamoyillarni belgilaydi. Bu modda xodimlar faoliyatining raqobatbardoshligini oshirish, yangi mehnat bozoriga moslashish va o‘z malakasini doimiy ravishda takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

Avvalo, xodimlarni kasbga tayyorlash deganda, ularning nazariy va amaliy bilimlarini shakllantirish orqali muayyan kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha ishlashga tayyorlash tushuniladi. Bunda xodimga o‘qitish orqali kerakli ko‘nikma va malakalar beriladi. Bu jarayon, odatda, ish beruvchining yo‘llanmasi asosida va xodimning ixtiyoriy roziligi bilan ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Qayta tayyorlash esa texnologiyalar yoki mehnat jarayonidagi o‘zgarishlarga javoban amalga oshiriladi. Masalan, biror sohada avtomatlashtirish joriy etilishi natijasida xodimga yangi texnikalar bilan ishlashni o‘rganish zarur bo‘lishi mumkin. Shu bois qayta tayyorlash orqali xodimlar yangi kasbga ega bo‘lish yoki mavjud bilimlarini yangilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Malaka oshirish esa xodimda mavjud bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirish, takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu orqali xodim o‘z ishini yanada yuqori saviyada bajarishga tayyorlanadi. Bu ko‘proq mavjud kasb doirasida professional darajani oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur jarayonlar ixtiyoriy yoki qonun hujjatlarida belgilangan hollarda majburiy tarzda amalga oshirilishi mumkin. Agar mehnat shartnomasida, jamoa shartnomasida yoki qonunchilikda qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha talablar ko‘rsatilgan bo‘lsa, xodim va ish beruvchi bu majburiyatni bajarishi lozim.

Bundan tashqari, bu jarayonlar ish beruvchining o‘zida, boshqa ish beruvchilar huzurida yoki tegishli ta’lim tashkilotlari orqali, shuningdek murabbiylik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin. Bu esa amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirish orqali o‘qitish samaradorligini oshiradi.

 

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon