Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha majburiyatlari haqida bilasizmi?


Ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha majburiyatlari haqida bilasizmi?

Zamonaviy mehnat bozori sharoitida xodimlarning kasbiy tayyorgarligi, doimiy ravishda yangilanib boruvchi texnologiyalar va mehnat jarayonlariga moslashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 370-moddasi ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi huquq hamda majburiyatlarini aniq belgilab beradi.

Avvalo, mazkur moddaning birinchi bandiga ko‘ra, qayta tayyorlash va malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash vakolati ish beruvchiga berilgan. Biroq ayrim hollarda – ya’ni mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki boshqa huquqiy hujjatlarda majburiy qayta tayyorlash nazarda tutilgan bo‘lsa – bu ehtiyoj qonuniy zaruratga aylanadi. Masalan, xavfli sohalarda ishlovchilar uchun malaka oshirish majburiy tarzda amalga oshirilishi mumkin.

Qayta tayyorlash yoki malaka oshirishning tartibi esa mehnat shartnomasida, qonunchilik hujjatlarida yoki mehnat nizomlarida belgilanadi. Agar xodim ish beruvchi tomonidan ushbu o‘qishga majburan yuborilgan bo‘lsa, u holda ish beruvchi ushbu davrda xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqini saqlab qolishi shart. Bu — xodimni iqtisodiy jihatdan himoya qilish va bilim olishga rag‘batlantirishning muhim kafolatidir.

Agar malaka oshirish yoki qayta tayyorlash xodimning tashabbusi bilan yoki ixtiyoriy tarzda amalga oshirilsa, faqat ish joyi saqlanadi, ish haqini saqlab qolish esa jamoa shartnomasi, ish beruvchi va kasaba uyushmasi kelishuvi yoki mehnat shartnomasidagi kelishuvga muvofiq hal etiladi.

Bundan tashqari, qaysi kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha qayta tayyorlash zarur ekani, o‘quvning shakli, muddati va joyi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda aniqlanadi. Bu esa bir tomonlama qaror qabul qilinishi oldini olib, manfaatdor tomonlar o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydi.

Mazkur norma orqali qonun xodimlarning bilim darajasini oshirishni ish beruvchining asosiy mas’uliyatlaridan biri sifatida belgilaydi va ularning kasbiy taraqqiyotini qonuniy asosda qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon