Янгиликлар
Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovka – yosh mutaxassislar uchun muhim bosqich
Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovka – yosh mutaxassislar uchun muhim bosqich
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 372-moddasi zamonaviy mehnat bozorida malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi. Ushbu modda orqali haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka tushunchalari qonuniy asosda belgilab berilgan.
Haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti, avvalo, o‘quv jarayonining amaliy qismi bo‘lib, amaliyotchi shaxsning o‘z kasbiga oid malaka va ish tajribasini shakllantirishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu amaliyot ish beruvchida mavjud bo‘lgan bo‘sh (vakant) o‘ringa asoslangan holda amalga oshiriladi. Ya’ni, bu jarayon nafaqat ta’limiy maqsadni, balki kelgusida doimiy ishga qabul qilish ehtimolini ham o‘z ichiga oladi.
Haq to‘lanadigan stajirovka esa ko‘proq nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash uchun joriy etiladi. Bu bosqich, ayniqsa, yangi kasb, lavozim yoki mutaxassislik bo‘yicha ish boshlayotganlar uchun zarur hisoblanadi. Stajirovka davomida xodim real ish muhiti, mehnat rejimi va ish faoliyatining mas’uliyatli jihatlari bilan tanishadi.
Ishlab chiqarish amaliyoti yoki stajirovka davomida mehnat munosabatlari muddatli mehnat shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Shartnomada boshqa zarur bandlar bilan birga, amaliyot yoki stajirovkaga rahbarlik qiluvchi shaxs belgilanadi, bu esa jarayonning sifatli va tizimli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Amaliyotchilar va stajyorlar haq to‘lanadigan tarzda faoliyat yuritganliklari sababli, ular ish beruvchidan belgilangan miqdorda ish haqi olish huquqiga egadirlar. Bu ularning mehnatini qadrlash, mas’uliyatini oshirish hamda kasbiy rivojlanishiga rag‘bat yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, 372-modda orqali amaliyot va stajirovka institutining huquqiy asoslari belgilanib, yosh mutaxassislar uchun ishga kirishdagi muhim bosqichlar aniq va shaffof tarzda mustahkamlangan. Bu esa mamlakatimizda mehnat bozorining sifatli kadrlar bilan to‘lishishiga xizmat qiladi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon