Янгиликлар
Ish va o‘qishni birgalikda olib borish uchun zarur sharoitlar yaratish – xodim huquqlarining muhim kafolati
Ish va o‘qishni birgalikda olib borish uchun zarur sharoitlar yaratish – xodim huquqlarining muhim kafolati
Zamonaviy mehnat munosabatlarida ishchi-xodimlarning ta’lim olishga bo‘lgan intilishi ularning kasbiy darajasini oshirish va raqobatbardoshligini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 383-moddasida ish beruvchining bunday xodimlarga qo‘shimcha kafolat va shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilangan. Bu norma bilan bir vaqtning o‘zida ta’lim olayotgan xodimning manfaatlari, ish jarayoni bilan bog‘liq ehtiyojlari va o‘z kasbiy faoliyatini to‘xtatmasdan rivojlanish imkoniyatlari muvozanatli tarzda muhofaza etiladi.
Mazkur modda bo‘yicha, mehnat shartnomasiga muvofiq ishlashda davom etayotgan, ammo ayni paytda ta’lim tashkilotida o‘qiyotgan yoki malaka oshirish, qayta tayyorlanish, ishlab chiqarish ta’limidan o‘tayotgan xodimlar uchun ish beruvchi o‘qish va ishni uyg‘unlashtirishga ko‘mak beruvchi sharoitlar yaratishi shart. Xodimlar o‘quv rejasi asosida ta’lim olayotgan bo‘lsa, ularga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi va boshqa qonunchilikda belgilangan kafolatlar taqdim etiladi.
Yana bir muhim jihat shundaki, mehnat faoliyatini davom ettirayotgan talabalarga o‘zlarining istagiga ko‘ra yillik mehnat ta’tilini imtihon sessiyasi, bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasi himoyasiga moslab olish imkoniyati yaratiladi. Hatto olti oylik ish stajiga ega bo‘lmasdan ham, ushbu huquqdan foydalanish mumkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Ushbu norma orqali davlat o‘z fuqarolarini hayot davomida o‘qishga, kasbiy o‘sishga undaydi va bu jarayonning mehnat huquqlari bilan muvofiqligini ta’minlaydi. Bu esa, zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim zamin yaratadi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon