Янгиликлар
Yuksalish Yo‘lida Dam emas – Ijod!
Yuksalish Yo‘lida Dam emas – Ijod!
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 387-moddasi asosida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga taqdim etiladigan huquqiy kafolatlar belgilangan. Mazkur norma mehnat faoliyatini yoki pedagogik faoliyatni ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirib olib borayotgan shaxslarga juda katta imkoniyatlar yaratadi.
Ijodiy ta’tillar, eng avvalo, ilmiy daraja olish yo‘lida dissertatsiya ishini yakunlash yoki ta’lim sohasiga oid darsliklar hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yozish kabi muhim ilmiy-pedagogik faoliyatni amalga oshirish istagida bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ustida ishlayotganlar va o‘quv adabiyotlari mualliflari uchun bu ta’til uch oygacha, fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun esa olti oygacha davom etishi mumkin.
Muhimi shundaki, ushbu ta’til davomida xodimning asosiy ish joyi va lavozimi saqlanadi, ustiga-ustak o‘rtacha ish haqi ham to‘lab beriladi. Bu esa xodimni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash barobarida, uning ilmiy izlanishlariga to‘liq e’tibor qaratish imkonini beradi.
Agar darslik yoki o‘quv qo‘llanmasi bir necha muallif tomonidan yozilayotgan bo‘lsa, mualliflar jamoasi vakillaridan biriga barcha a’zolar imzolagan arizaga asosan ijodiy ta’til berilishi mumkin. Shu bilan birga, bu ta’tilni mualliflar o‘zaro taqsimlash huquqiga ham egadirlar.
Qayd etish joizki, ilmiy darajaga da’vogar yoki mualliflar ijodiy ta’tilni olgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular o‘z yillik mehnat ta’tilidan ham belgilangan tartibda foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar. Ijodiy ta’tillarni taqdim etish tartibi esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bu huquqiy mexanizm ilm-fan va ta’lim sohasida mehnat qilayotganlar uchun rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Chunki ilmiy izlanishlarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli va tizimli olib borilishi uchun muhim omil hisoblanadi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon