Янгиликлар
Har bir xodim e’tiborda: Mehnat huquqining toifaviy yondashuvi
Har bir xodim e’tiborda: Mehnat huquqining toifaviy yondashuvi
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida ayrim toifadagi xodimlar uchun belgilangan mehnat sharoitlarini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. 389-modda aynan shu masalaga bag‘ishlangan bo‘lib, xodimlarning turli guruhlari uchun mehnat shartlari va huquqiy himoyaning o‘ziga xos jihatlarini tasniflaydi.
Avvalo, ushbu modda mehnat munosabatlarining subyektlariga qarab huquqiy farqlashni ta’minlaydi. Bu degani, ayollar, oilaviy vazifalarni bajarish bilan band shaxslar, nogironligi bo‘lganlar, voyaga yetmaganlar kabi toifalar umumiy qoidalardan alohida tartibda himoya qilinadi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan mehnat sharoitlari, imtiyozlar va cheklovlar mavjud.
Ikkinchi mezon esa mehnat faoliyatining sohalari, tarmoqlari va turlariga bog‘liq. Misol uchun, pedagoglar, tibbiyot xodimlari yoki transport sohasida ishlovchilar uchun o‘ziga xos mehnat tartibi belgilanishi mumkin. Bu sohalarning o‘ziga xosligi, mas’uliyat darajasi va mehnat intensivligi maxsus yondashuvni talab qiladi.
Uchinchi tasnif mehnat sharoitlarining og‘irligi yoki zararliligiga bog‘liq. Zararli yoki xavfli ishlab chiqarish omillari mavjud bo‘lgan joyda ishlovchilar uchun qo‘shimcha imtiyozlar va kafolatlar belgilanadi, masalan, qo‘shimcha ta’til, qisqartirilgan ish vaqti yoki kompensatsiyalar.
To‘rtinchi mezon — tabiiy-iqlim sharoitlari. Qattiq iqlim zonasida yoki maxsus geografik hududlarda mehnat qilayotgan xodimlar uchun alohida tartiblar belgilanadi.
Beshinchi mezon esa mehnat shaklining o‘ziga xosligiga asoslanadi: kasanachilik, masofaviy ish yoki mavsumiy mehnat kabi. Bunday hollarda ish joyi, ish vaqti, hisob-kitob tartibi va boshqa jihatlar standart shartlardan farq qiladi.
Yuqorida keltirilgan mezonlardan tashqari, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki boshqa huquqiy hujjatlarda ayrim toifalar uchun alohida huquqiy tartiblar nazarda tutilishi mumkin. Ushbu yondashuv, o‘z navbatida, har bir xodimning mehnat huquqlarini yanada chuqurroq himoya qilishga xizmat qiladi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon