Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Homiladorlik va onalik — mehnat huquqi bilan himoyalangan qadriyat


Homiladorlik va onalik — mehnat huquqi bilan himoyalangan qadriyat

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 392-moddasida ayollar va bolali shaxslarning mehnat huquqlarini himoya qilishga doir muhim normalar mustahkamlangan. Ushbu modda asosida, ish beruvchi homiladorlik yoki farzandlar borligi sababli ishga qabul qilishni rad eta olmaydi, mavjud ish munosabatlarini buzishga, ayniqsa ishdan bo‘shatish yoki ish haqini kamaytirishga haqli emas. Bu qoida ayollar va oilaviy majburiyatli shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Moddaga muvofiq, agar ish beruvchi homilador ayolni yoki farzandlari bor shaxsni ishga qabul qilishni rad etsa, bunday qaror asosli bo‘lishi shart. Rad etish sabablari yozma shaklda, ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolanib, uch kun ichida murojaatchiga topshirilishi kerak. Bu yozma asos rad etilgan shaxsga o‘z mehnat huquqlarini himoya qilishda yordam beradi.

E’tiborga molik jihati shundaki, rad etish sabablari yozma shaklda taqdim etilmagan taqdirda ham, bu holat fuqaroning ishga qabul qilinmaslik ustidan shikoyat qilish huquqini cheklamaydi. Ya’ni fuqaro o‘zini nohaq kamsitilgan deb hisoblasa, tegishli idoralarga murojaat qilib, qonuniy asosda o‘z huquqlarini tiklashi mumkin.

Bu normalar Mehnat kodeksida ayollar va ota-onalarning ish joyida diskriminatsiyaga uchramasligini ta’minlaydi. Xususan, ayollarning homiladorligi yoki farzandlarining borligi ularning mehnat faoliyatida to‘sqinlik qiluvchi omil emas, balki ijtimoiy himoyaga muhtojlik belgisi sifatida e’tirof etiladi. Shu tariqa, mehnat huquqining asosiy tamoyillaridan biri — tenglik va kamsitmaslik — amalda ro‘yobga chiqariladi.

Mehnat munosabatlarida bunday himoya mexanizmlari nafaqat ijtimoiy adolatni qaror toptiradi, balki ayollarning iqtisodiy faolligini oshiradi, jamiyatda oila va ona qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: Bo‘riyev Umidjon