Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Homilador ayollar va farzandli shaxslarning ish rejimiga jalb qilinish tartibi haqida bilasizmi?


Homilador ayollar va farzandli shaxslarning ish rejimiga jalb qilinish tartibi haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 396-moddasi homilador ayollar hamda bolali shaxslarning ish faoliyatiga jalb etilishida ularning sog‘lig‘i va oilaviy sharoitlarini inobatga olgan holda maxsus me’yorlarni belgilaydi. Ushbu norma ijtimoiy himoya prinsiplariga tayangan holda xodimlarning manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan.

Moddaga muvofiq, homilador ayollar, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan farzandi) bo‘lgan ota-onadan biri, faqatgina o‘zining yozma roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlashga jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, bunday xodimlarni xizmat safariga yuborish ham ularning roziligisiz amalga oshirilmaydi.

Shu bilan birga, ish beruvchi bunday xodimlarni ularni maxsus ish rejimiga jalb qilishdan voz kechish huquqlari to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirishi shart. Bu talab xodimning huquqiy ongini oshirish va uni bosim ostida qaror qabul qilishdan himoya qilishga qaratilgan.

Bundan tashqari, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga faqat tibbiy xulosa asosida ruxsat beriladi. Tibbiy xulosa bunday ish bolaning yoki homilador ayolning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirmasligini tasdiqlashi lozim.

Ushbu normalar orqali mehnat qonunchiligi ijtimoiy adolat tamoyiliga asoslanib, ayollar va bolali shaxslarning sog‘lig‘i, xavfsizligi hamda oilaviy mas’uliyatlariga e’tibor qaratilishini ta’minlaydi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

rahbari: Ro‘ziyeva Sharofatxon