Янгиликлар
Yillik mehnat ta’tilini belgilashda ijtimoiy holatga asoslangan imtiyozlar haqida bilasizmi?
Yillik mehnat ta’tilini belgilashda ijtimoiy holatga asoslangan imtiyozlar haqida bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 400-moddasi homilador ayollar va oilaviy majburiyatlarni bajarayotgan shaxslar uchun yillik mehnat ta’tilini taqdim etishda muhim imtiyozlarni belgilaydi. Mazkur norma mehnat-huquqiy munosabatlarda ijtimoiy himoya tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqaradi.
Homilador ayollar va tug‘ruqdan so‘ng tiklanayotgan ayollar yillik mehnat ta’tilini o‘z xohishiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki keyin olish huquqiga ega. Shu bilan birga, homilador ayollarni ta’til davrida chaqirib olish qat’iyan man etiladi, bu esa ularning salomatligi va dam olish huquqini muhofaza qilishga qaratilgan.
Xuddi shuningdek, bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan xodimlarga ham yillik mehnat ta’tili ularning istagiga ko‘ra bola parvarishlash ta’tilidan oldin yoki keyin berilishi mumkin.
Mehnat kodeksi ishlaydigan erkaklar uchun ham ijtimoiy yondashuvni ko‘zda tutadi. Ularning xotinlari homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan davrida erkaklar ishlab berilgan muddatdan qat’i nazar birinchi ish yili uchun ham, ta’til jadvalidan qat’i nazar keyingi yillarda ham yillik mehnat ta’tili olish huquqiga ega.
Bundan tashqari, 14 yoshga to‘lmagan bir yoki undan ortiq bolani (yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron farzandni) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota-onalar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning rafiqalari yillik mehnat ta’tilini ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda olish huquqiga ega.
Mazkur imtiyozlar mehnat munosabatlarida ijtimoiy adolatni ta’minlash, xodimlarning shaxsiy hayotidagi mas’uliyatli vazifalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu tariqa mehnat huquqi tizimi nafaqat iqtisodiy faoliyat, balki ijtimoiy hayot barqarorligining muhim asoslaridan biriga aylanadi.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
rahbari: Ro‘ziyeva Sharofatxon