Янгиликлар
Yosh bolali ota-onalar uchun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til kafolatlari
Yosh bolali ota-onalar uchun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 401-moddasi yosh bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan muhim ijtimoiy me’yorlardan biridir. Mazkur norma jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va oilaviy majburiyatlarni bajarish sharoitida ishlovchi shaxslarning manfaatlarini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Moddaga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq bolasi bo‘lgan hamda o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron farzandni parvarishlayotgan ota-onalardan biri yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs har yili kamida to‘rt kalendar kun davomiylikdagi haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til olish huquqiga ega. Bu imtiyoz bola parvarishi bilan band bo‘lgan xodimlarga qo‘shimcha dam olish imkonini yaratadi.
Mazkur qo‘shimcha ta’tilning tartibi ham aniq belgilanadi. U yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishilgan holda alohida tarzda (to‘liq yoki qismlarga bo‘lib) foydalanilishi mumkin. Bunda muhim jihat shundaki, bu ta’til faqat tegishli ish yili davomida amalga oshirilishi shart. Ya’ni, uni keyingi ish yiliga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, mazkur qo‘shimcha ta’tilni pulli kompensatsiya shaklida almashtirish ham man etiladi. Bu esa uning bevosita dam olish va bola parvarishi bilan bog‘liq maqsadlarda ishlatilishini ta’minlashga qaratilgan.
Amaldagi mehnat qonunchiligi orqali bola tarbiyasiga alohida e’tibor berilmoqda. Bu esa ota-onalarga nafaqat moliyaviy, balki vaqt jihatdan ham qo‘llab-quvvatlovchi asos bo‘lib xizmat qiladi. Ish beruvchilarning bunday ta’tilni taqdim etishi esa ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga muvofiqdir.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
rahbari: Ro‘ziyeva Sharofatxon