Янгиликлар
Bola parvarishlash ta’tillari olinganda mehnat qonunchiligidagi ijtimoiy himoya tizimi haqida bilasizmi?
Bola parvarishlash ta’tillari olinganda mehnat qonunchiligidagi ijtimoiy himoya tizimi haqida bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 405-moddasi bolani parvarishlash ta’tillarini huquqiy tartibga solish orqali ota-onalar va boshqa parvarishlovchi shaxslar uchun muhim ijtimoiy kafolatlarni belgilaydi. Ushbu norma mehnat bilan oilaviy majburiyatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Avvalo, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan so‘ng, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tili beriladi. Bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Shu bilan birga, ayol istasa, unga uch yoshgacha bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Qonunchilik ushbu imkoniyatni nafaqat onaga, balki otaga, buviga, buvasiga, vasiyga yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa yaqin qarindoshlarga ham tanlab berishni nazarda tutadi. Bu ta’til to‘liq yoki qismlarga bo‘lib olinishi mumkin, bu esa oilaviy ehtiyojlarga mos ravishda foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, bu davrda xodim uydan ishlash yoki to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash huquqiga ega bo‘lib, bunday hollarda ham nafaqa olish huquqi saqlanadi. Bu holat ish va oilaviy hayotni uyg‘unlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Bola parvarishlash ta’tili vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi, bu esa ijtimoiy barqarorlik va ishonchni oshiradi. Ushbu ta’tillar ko‘pi bilan olti yilgacha bo‘lgan muddatda umumiy va mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga qo‘shiladi. Biroq, kelgusidagi yillik mehnat ta’tili olish huquqini beruvchi stajga bu ta’til faqat jamoa shartnomasi yoki ichki hujjatlarda shunday belgilangan bo‘lsa qo‘shiladi.
Xulosa qilib aytganda, mehnat qonunchiligi mehnat qiluvchi fuqarolarning farzand parvarishlash bilan bog‘liq ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ularning ish joyi va ijtimoiy huquqlarini muhofaza qilishni ta’minlovchi muhim normativ kafolatdir.
Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
rahbari: Ro‘ziyeva Sharofatxon