Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Farzandlikka olish va vasiylik holatlarida xodimlarga ta’til berish tartibi haqida bilasizmi?


Farzandlikka olish va vasiylik holatlarida xodimlarga ta’til berish tartibi haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 406-moddasi farzandlikka olingan yoki vasiylikka belgilangan yangi tug‘ilgan bolani parvarishlash huquqiga ega bo‘lgan xodimlar uchun maxsus mehnat huquqiy kafolatlarini belgilaydi. Ushbu norma oilani qo‘llab-quvvatlash va bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Moddaga ko‘ra, yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga, bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan boshlab, va bola tug‘ilgan kundan e’tiboran 56 kalendar kun (agar bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan bo‘lsa – 70 kalendar kun) o‘tgunga qadar ta’til beriladi. Ushbu ta’til davrida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Bundan tashqari, xodimning yozma arizasiga ko‘ra, unga bola ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili beriladi. Bu ta’til muddati davomida ham Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Xodim istasa, unga bola uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham ajratiladi. Bu esa parvarishlash jarayonida xodimning moliyaviy va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlaydi.

Ushbu kafolatlar, qonunchilikdagi tenglik tamoyiliga mos ravishda, ayollargagina emas, balki erkaklar, ya’ni otalik mas’uliyatini zimmasiga olgan shaxslarga ham teng darajada tatbiq etiladi. Bu yondashuv farzand asrab olgan oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirib, davlatning bolalarga bo‘lgan e’tiborini amaliy jihatdan namoyon qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Mehnat qonunchiligida xodimlarga berilgan ushbu imtiyoz oilaviy hayotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy siyosatning muhim huquqiy ifodasidir. U ish beruvchilar zimmasiga insonparvarlik tamoyillariga asoslangan majburiyatlarni yuklab, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangiyo‘l shahar Adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

rahbari: Ro‘ziyeva Sharofatxon