Янгиликлар
Qaysi toifadagi shaxslarga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun 4 foizlik kvota beriladi?
Qaysi toifadagi shaxslarga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun 4 foizlik kvota beriladi?
Respublika oliy taʼlim muassasalariga ajratilgan qoʼshimcha davlat granti asosidagi qabul koʼrsatkichlari doirasida oliy maʼlumot olish istagida boʼlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
— kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam taʼminlangan oila deganda, oilaning har bir aʼzosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan koʼp boʼlmagan miqdorda toʼgʼri keladigan bir oylik oʼrtacha jami daromadga ega boʼlgan oila tushuniladi;
— toʼliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
— turmush oʼrtogʼi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʼiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
— nogironligi boʼlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
— ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʼiz ayollarning qiz farzandlari;
— ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʼlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʼyicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʼlimlariga elektron shaklda murojaat qiladi.
Tavsiyanoma ishchi guruh yigʼilishining yakuniy bayonnomalariga koʼra rasmiylashtirilgan tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʼlimlarining buyrugʼi asosida elektron hujjat shaklida Oila va xotin-qizlar qoʼmitasi tomonidan beriladi.
Toshkent tumani YXKM
bosh yuriskonsulti:
M.Kurbanov